ISHID (ИГИЛ) HAQIDA “KALLAKESAR…” NOMLI HAYOTIY HIKOYA (1-qism)

HAYDALISh
Mehmonalining armiyadan kelganiga bir oy boʻlmay, goʻyo boshi berk koʻchaga kirib qolgandek edi. Bolalikdan tepishib katta boʻlgan togʻasi Obid suvchi uylandi-yu, toʻnini teskari kiyib oldi. Bir marta yangasining haqoratiga haqorat bilan javob qaytarganiga Mehmonalini hovlidan haydashga tushdi. Mahalla oqsoqoli Sulton buva, qishloqning moʻysafidlari nasihat qilishdi, insofga chaqirishdi, uqtirishdi. Togʻa quloq tutmadi. «Mehmonali uydan ketsin, daf boʻlsin!», deb turib oldi. Bu-ku mayliydi. Nima qilsa ham uch yasharligidan enasi shu uyga — rahmatli bobosi-yu momosining qoʻliga tashlab ketgan. Hozir Mehmonalini himoya qiladigan bobosi, momosi yoʻq. Hovlida haqi yoʻqligini ham biladi. Koʻz ostiga olib qoʻygani Barnoning otasi aytgan gap Mehmonaliga juda alam qildi. U ham uyi yoʻqligiga shaʼma qilibdi. «Oldin uy-joy qilsin, ana undan keyin qizimning qoʻlini soʻrasin», debdi. Sovchi boʻlib kirgan Jannat xolasi yigʻlagudek boʻlib shu gaplarni yetkazganda, Mehmonali yer yorilmadi, yerga kirmadi. Oʻzini juda-juda notavon his qila boshladi. Qismatiga laʼnatlar oʻqidi.
«Men Barnoni chaqirib, oʻz ogʻzidan shu gaplarni eshitmasam boʻlmaydi, — koʻnglidan oʻtkazdi Mehmonali erta tongda bobo hovlidan koʻchaga chiqarkan. — Agar shu gap rost boʻlsa, qishloqdan bosh olib ketaman. Barnoga oxirgi gapimni aytaman-u, joʻnayman. Baxtimni, omadimni oʻzga manzillardan izlayman…»
* * *
Ular odatdagidek Barnolarning qishloqdan chetroqdagi tomorqasida uchrashishdi.
Barno mahzun edi. To Mehmonali birinchi boʻlib gap boshlamaguncha tek oʻtiraverdi.
— Shu gap rostmi, Barno? — soʻradi Mehmonali ohista. — Dadang shunday dedimi?
— Afsuski, toʻgʻri, — dedi Barno uzun va qirq kokil sochlarini kaftlari orasiga olib. — Dadam shunday shart qoʻydi. Boshqachasiga sira rozi boʻlmayapti. Endi nima qilamiz, Mehmon aka?
— Taqdirga tan beramiz-da! Nima qilardik? — dedi Mehmonali yuzini ters burib. — Menday uysiz, davlatsizlarga kim qoʻyibdi uylanishni? Buning ustiga uydanam haydalgan boʻlsam.
— Nega unaqa deyaverasiz? Biror yoʻli bordir, axir?..
— Bor, — dedi Mehmonali maʼyus jilmayib. — Bitta yoʻli bor. Rozi boʻlsang, ikkimiz bir umr birga boʻlishimiz mumkin.
— Nima qilishimiz kerak? Ayting, joningni uzib ber desangiz, beraman. Faqat…
— Seni olib qochishim kerak. Uzo-oqlarga olib qochib ketishim qoldi. Bundan boʻlak yoʻl yoʻq. Xoʻsh, nima deysan? Rozimisan?
Barno sukutga toldi. Hiyla bosh egib, lablarini qattiqroq tishladi. Ammo negadir javob berishga shoshilmadi.
— Nega jim boʻp qolding? — soʻradi Mehmonali kuyinib. — Ketasanmi men bilan?
— Unday qila olmayman. Ota-onamning yuzini yerga qaratsam, ikkalamiz ham qargʻishga qolamiz, sharmanda boʻlamiz. Biz-ku, mayli, ota-onam qishloqda bosh koʻtarib yurolmay qoladi. Yoʻq, Mehmon aka, men unday qizlardan emasman.
— Demak, rozimassan… — Mehmonali hafsalasi pir boʻlib ketishga chogʻlandi. — Unda yaxshi qol. Yaxshi-yomon gapirib koʻnglingni ogʻritgan boʻlsam, kechir!..
— Bu nima deganingiz? — Barno beixtiyor hushyor tortib Mehmonalining yoʻlini toʻsdi. — Meni tashlab ketasizmi? Endi gaplashmaysizmi men bilan?
— Boshqa ilojim ham yoʻq-da, — dedi Mehmonali suyuklisining ikki yelkasidan tutib. — Sen ham oʻzingga munosibini topasan. Menday uysiz, ota-onasiz yetimchani boshingga urasanmi?..
— Shafqatsiz ekansiz! — Barno kutilmaganda yigʻlab yubordi. — Shunchalik irodasizligingizni bilmagan ekanman. Hayf sizday yigitga!..
Mehmonali ortiq soʻzlashga oʻzida kuch topa bilmadi. Piq-piq yigʻlagancha uyi tomon keta boshlagan Barnoning ortidan alamli tikilib turdi-yu, oʻzi ham ortga qaytdi.
Bir kun kelib azoblar, alamlar barham topishiga, adolat gʻalaba qilishiga yana bir karra iymon keltirdi.
* * *
Mehmonali bu hovlidan ketib qaerga borishigacha rejalashtirib olgandi. Toshkanga borib, baxtini, omadini, qadrini qidirishga ahd qilgandi. Ammo oʻrgangan, suyanib qolgan, yillar osha jondek qadrdoniga aylangan hovlini tark etish oson emaskan. Buni Mehmonali shu lahzalarda chuqur his eta boshladi. Bir koʻngli «ket, baribir togʻang insofga kelmaydi, boshing oqqan taraflarga joʻna», desa, bir koʻngli «ketma, birgina togʻang bilan til topisha olmaysanmi? Kerak boʻlsa, taʼzim bajo ayla, oyoqlarini oʻpib yolvor, albatta shashtidan tushadi», derdi.
«Yoʻq, — deya koʻnglidan oʻtkazdi Mehmonali. — Ketmasam boʻlmaydi. Bu yerda endi hech kimga keragim qolmadi. Qishloqdoshlar, sinfdosh doʻstlar oʻz yoʻliga. Hammasining oʻz hayoti, tashvishi, muammosi bor. Meni yelkalay olishmaydi, nari borsa koʻnglimni koʻtarishar, tasalli berishar. Biroq bu muammoni hal etib berishmaydi. Yaxshisi, keta qolay, shunda togʻam ham, kennoyim ham mamnun boʻlishadi, yengil tortishadi. Xotirjam umr kechirishadi. Harqalay yosh bola emasman, armiya koʻrdim, dunyo kezdim. Qornimni toʻydirish qoʻlimdan keladi…»
* * *
Shunday oʻylar girdobida Mehmonali hovliga kirdi. Aksiga olgandek togʻasi Obid suvchi hovlining qoq oʻrtasida chayqalib turardi.
«Toʻyib ichibdi shekilli bugun ham, — oʻyladi Mehmonali ming bir hadik bilan togʻasiga yaqin borarkan. — Sal kechroq kirsam boʻlarkan uyga. Hozir tagʻin diydiyosini boshlaydi…»
— Ha, haliyam shu yerdamisan? — kutilganidek salom-alik oʻrniga oʻdagʻaylashga oʻtdi togʻasi. — Senga kecha nima degandim? Subuting bormi oʻzi? Ket degandan keyin ketadi-da! Yo yoqalashib meni mayib qilganingdan keyin ketasanmi? Har holda armiyadan kelding, kuching koʻp. Shuni moʻljallayotgan boʻlsang kerak-da-a?
— Togʻa, unaqa gaplarni gapirmang, — deya aybdorona bosh egdi Mehmonali. — Ertalab ketaman, koʻnglingiz toʻq boʻlsin!
— E, sening ertangam ja koʻpayib ketyapti! Hozir ketasan! Pishirib qoʻygani yoʻq senga mening uyimda! Boʻl tez, lash-lushingni koʻtar!.. Hozir qishmas, sovuqda oʻlmaysan!
— Xoʻp, togʻa, hozir narsalarimni yigʻvolay, ketaman!..
Mehmonali togʻasining feʼlini yaxshi bilardi. Agar yana birpas gapni aylantirsa, sharmandalikka oʻtadi, baqir-chaqir qila boshlaydi, xotini esa ayuhannos solib mahalla kattalariga chopadi…
U tavakkal dahlizga kirdi-da, oldindan taxt qilib qoʻygan jomadonini qoʻliga olib hovliga qaytdi.
Obid suvchi miq etmas, unga yeb qoʻygudek tikilib, tezroq koʻchaga chiqib ketishini kutardi.
Mehmonali til uchida «Xayr» dedi-yu, koʻchaga yoʻl oldi.
* * *
«Yolgʻizning yori xudo», deb bekorga aytishmagan. Mehmonali kechasi koʻchada tentiramaydigan boʻldi. Ikki uy naridagi Tilla buva koʻrib qolib, alohida hujrasiga boshlab kirdi.
— Sen xafa boʻlma, — tasalli berdi Tilla buva. — Obid hech qachon odam boʻlmaydi. Xotinining yoʻrigʻiga tushib olgan. Shunday oʻlib ketadi. Ollohga shukr, kuch-quvvating bisyor, yosh, navqironsan, yoʻlingni topib ketasan, bolam. Hali Obidga oʻxshaganlarni uyaltirasan ham. Mana meni aytdi dersan!..
— Meni enam bekor dunyoga keltirgan ekan, — qancha oʻzini qoʻlga olishga urinmasin, Tilla buvaning tasallilari koʻnglini agʻdar-toʻntar qilib yuborgandi. Mehmonali qalbidagi bor hasratini shu tobda toʻkib-solgisi kelib, soʻzlana boshladi. — Dunyoga keltirmasa, shuncha mashmashalar yoʻgʻidi. Mayli, bizam odam boʻp qolarmiz. Peshonamizga uy bitar, axir! Shunday koʻcha kezib oʻtib ketmasmiz hoynahoy, buva!
— Ie, — dedi Tilla buva choynakdagi qaynoq koʻk choydan piyolaga quyib Mehmonaliga uzatarkan. — Albatta uying boʻladi. Nega boʻlmasin! Hali meni aytdi dersan, bobong rahmatli qurib ketgandi bu hovlini. Mana shu shartaki togʻang bitta gʻisht ham qoʻsha olmay oʻtib ketadi hali. Ha-a, xudo bor, koʻrsatadi ungayam…
Mehmonali Tilla buva bilan ancha vaqtgacha gaplashib oʻtirdi. Tun yarimlagandagina qariya hujra chirogʻini oʻchirib, chiqib ketdi. Bir necha soat davom etgan bu suhbatdan soʻng Mehmonali ancha yengil tortgandi. Koʻzlarini yumdi-yu, darrov uxlab qoldi.
* * *
Mehmonali saharda uygʻonib ketdi. Soʻfi ikki uy naridagi machitda azon ayta boshlabdi. Tilla buva ham hoynahoy machitda boʻlsa kerak, darvozaxona chirogʻi yoqib qoʻyilgandi. Shundoq darvoza tepasidagi karnay (radio) dan esa mashhur qoʻshiqchining dardli nolalari yangrardi.
Dunyoni qizgʻanma mendan, azizim,Sen ichgan buloqdan ichmasman aslo.Sen yurgan togʻlarda qolmagʻay izim,Sen kechgan daryodan kechmasman aslo,Mening ham bu dunyoda oʻz aytar soʻzim,Va oʻzim sigʻinar mozorlarim bor…
Mehmonali boshqa payt boʻlsa bu nolalarga eʼtibor ham berib qoʻymasdi. Shu tobda yuragi ezilib ketdi. Togʻasi va yangasidan soʻnggi kunlarda kelgan xoʻrliklar yodiga tushib bagʻri oʻrtandi. Yorug' dunyo bir muddat koʻzlariga qorongʻi koʻrinib, vujudini alam alangasi qopladi.
— Togʻa, ablah ekansan. Menam sen yurgan soʻqmoqlardan yurmayman! — deya past ovozda boʻlsa-da, figʻon chekdi Mehmonali. — Faqat bu dunyoni mendan qizgʻonma, togʻa, qizgʻonma! Mening niyatlarim, judayam yaxshi niyatlarim bor. Xudoga ming shukrki, bu sening poyma-poy qadamlaring tekkan oʻsha hovlidan judayam uzoq!.. Nasib boʻlsa, bizning kimlarga aylanganimizni oʻz koʻzlaring bilan koʻrasan! Alvido!..
Mehmonali Tilla buvani kutib oʻtirishni xohlamadi. Xontaxta ustida bir parcha oq qogʻoz va ruchka turgan ekan. Minnatdorchilik xatini qoldirdi-yu, mayda-chuydalar solingan yoʻl xaltasini yelkasiga ilib yoʻlga tushdi…
* * *
Poytaxtning bagʻri keng. Uning tuprogʻini qanchalab musofirlar yalaydi, shu koʻyi bola-chaqa boqadi, boshpana topadi, katta dargohlarda tahsil oladi, boyib ketadi, shunda ham baribir poytaxt tuprogʻini koʻzga suraveradi, davlat, obro', martaba izlab tinmaydi. Ammo bu yurtga ilk bor qadam qoʻyganga oson kechmaydi. Mehmonali ham xuddi shularning biri edi. Boʻydorlikda bir-biridan oʻzishga shay turgan koʻp qavatli uylar, binolarni to kechga qadar tomosha qildi, hayratga tushdi, bosh qotirdi, oʻyladi, mulohaza qildi. Afsuski, ishni, ilk qadamni nimadan boshlashni bilmay garangsiyverdi. Kissasidagi pul ham aksiga olgandek hashamatli taomlar tanovul qilishga qoʻya qolmasdi. Mehmonali pullarini har sanab koʻrganda, vahimaga tushar, pullari tugab qolsa, xor boʻlishdan qoʻrqib hadeganda nafsini tiyardi. Shu ahvolda qosh qoraya boshlagan mahal temir yoʻl vokzaliga bordi. Bu yerda ham tumonot odam, boʻsh kelsa, oʻtirishga oʻrindiq topolmay dogʻda qolishi tayin edi. Shuning uchun Mehmonali boʻsh oʻrindiqlardan biriga oʻtirdi-yu, shu koʻyi oʻrnidan jilmadi. Qorni ham tatalamasdi. Tushlik mahali qoʻrqa-pisa, tavakkal qilib yegan ikki dona somsacha xuddi uning holatini tushungan, dardlariga malham boʻlgan kabi vujudini toʻldirib turgandek edi.
(davomi bor)

Izohlar
0Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!