📖 Hikoyalar

BU YOʻLLAR… (Hikoya)

6 daqiqa 2K marta oʻqildi
BU YOʻLLAR… (Hikoya)
Dovud Gʻoziy Benli 1965 yil Germaniyada tugʻilgan. Ilohiyotshunoslik va xalqaro munosabatlar fakultetlarida tahsil olgan. Ayni paytda Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisining matbuot maslahatchisi, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.
***
– Azizam, buncha shoshmasang. Bugun boʻlmasa ertaga boramiz, – deb xotinimni niyatidan qaytarmoqchi boʻlaman.
Ammo u oyoq tirab turib olgan.
– Boramiz, dedimmi, boramiz, tamom.
– Yana ozgina chidagin, yozda Turkiyadan olib kelamiz, uch-toʻrt oy oʻtadi-ketadi. Hozir Fargʻonadan yoʻlga chiq, toʻrt-besh soat moshinada issiqda yoʻl yur, Toshkentdagi allaqaysi doʻkondan oʻzimizdagidan uch baravar qimmatiga Turkiyada ishlab chiqarilgan qozon-tovoqlarni ol… Shular qiynalganingga arziydimi, azizam?
– Arziydi.
Bu xotinning javobi.
Fargʻonada ehtiyojbop hamma narsa bor. Boybichaning maqsadi sayru sayohat, sopol tovoq bahona, xolos. Choʻntakka pul tushdi deguncha oshxona anjomlarini yangilagisi kelib qoladi… Turkiyada nochor yashagan kunlarimizni esidan chiqargan. Olgan narsalarini rasmga tushirib internetga qoʻyadi. Turkiyadagi dugonalariga koʻz-koʻzlab huzur qiladi. Uning nazdida shu ham baxt.
– Sedat, toqatim toq boʻldi, shu shanba yoʻlga chiqamiz. Toshkent degani tupkaning tagida emas-ku, axir! – dedi-da, suhbatimizga nuqta qoʻydi. Tabassum hadya qilishni ham unutmadi. Tan olishim kerak, uning tabassumiga jonimni fido qilib yuboraman.
Beadad shukr, ishlarimiz koʻngildagidek. Bu yil Turkiyaga eksport qilgan mayiz va bodomdan tuzukkina foyda qilgandik.
Biz bu zaminga mamlakatlarimiz orasidagi aloqalar qaytadan yaxshilana boshlagan pallada kelgandik. Qattiq ishlab, oyoqqa turdik. Andijonda ishlab chiqarilgan mashinalardan birini sotib oldik. Oʻshanda ham Yosamin «Illo, xorij avtomobilidan olaylik», deb holi jonimga qoʻymagan edi. Endi esa oʻzbek mashinasining shaydosi…
Nihoyat, Toshkentga otlandik. Rejamizda haftani Toshkentda yakunlash, sayr qilish, dam olish va oʻsha sopol idishlarni xarid qilish….
Yoʻldamiz. Bir mahal xotin gap boshlab qoldi:
– Sayfibeyning xotini Nolon xonimning «Toshkent bozorida nima bor? Yaxshisi, yana ikki soat yursangiz, Chimkentga yetasizlar, ana u yerda ajoyib doʻkonlar bor. Qarang, biz nimalar oldik!» – deb maqtanganini va oʻzining ham javobini aytdi: – Men Toshkentdan xarid qilaman.
Yoningda suyimli yor boʻlsa, keyin mashina yangi boʻlsa, yoʻl ham ravon, tekis koʻrinarkan. Ketyapmiz.
– Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan paxta gulli chinni tovoqlar, oʻzbekona choynak-piyolalar ham chet elnikidan qolishmaydi. Turkiyaga ilk yil qaytganimizda qarindosh-urug' va yaqinlarga shunday piyolalardan sovgʻa qilgandik, – dedi ayolim.
– Esimda. Shu gaplarni Nolon xonimga aytmadingmi? – soʻradim xotinimni koʻproq tinglash ishtiyoqida.
– Aytdim. Burnini usti terlab ketdi. Menimcha, ichi yondi-yov…
Bahor yomgʻiri toʻxtab, yoz yaxshigina qizdira boshlagan. Fargʻonadan chiqishda yoqilgʻi quyish shahobchasiga toʻxtab, mashina bakini toʻldirib oldik. Oʻzbekistonda benzin narxi Turkiyadagidan ancha arzon.
– Yosamin, Oʻzbekistonda benzin arzonligidan foydalanib, koʻp-koʻp aylanib olaylik, – dedim kulimsirab.
Bunga javoban xotinim jilmayib qoʻshiq qoʻydi. Amal Toshchioʻgʻli kuylardi:
«Oh, netay yigʻlamay, gʻurbat elida, uzoqdan koʻrinur togʻlarim,
Gʻarib qoldim, axir begona yurtda, uyimni sogʻinib yigʻlayman».
Fargʻona vodiysining barcha goʻzalliklarini, yam-yashil tabiatini, sharqirab oquvchi daryolarini, osmonga boʻy choʻzayotgan togʻlarni ortda qoldirib, qoʻshiqdan mast boʻlib yoʻlning tanobini tortardik. Ora-sira yaqin kunlarda dunyoga keladigan bolamiz haqida ham suhbatlashib olishni unutmadik. Yosaminning qoʻlidan tutib qoʻshiqqa ham joʻr boʻldik. Lip-lip etib ortda qolayotgan daraxtlar, yoʻl belgilari xuddi bizni poylayotganday zavqimizni keltirishardi. Tepaliklar bagʻriga ekilgan kungaboqar va bugʻdoy dalalari koʻnglimizga bir olam zavq va kengliklarni ulashardi. Yoʻl shu qadar tekis ediki, tiniq yoz havosida goʻyo ufqqa tutashib ketgandek koʻrinardi.
Ohangarondan oʻtgan ham edikki, yoʻl chetida mashinasini toʻxtatib, qoʻl siltab turgan yigitni koʻrdik. Mashinani sekinlatib, issiqdan terga botgan, bir qoʻlida dastroʻmol tutib oʻtgan-ketgandan madad kutayotgan yigit yoniga yaqinlashdim. Toʻxtab turgan mashina yangi, qimmatbaho «Jeep» modellaridan biri edi. «Shundoq mashina qanday qilib buzilishi mumkin?» deb oʻyladim. Va mashinani toʻxtatdim. Yigit salomlashgach, u meni mashinasi tomon boshladi. Mashinada keksa bir kishi bor edi…
– Otam… – dedi kishi va otasini tobi qochganini, uydan shoshib chiqqanini, benzin olishga ulgurmaganini, aksiga olib telefoni ham uyda qolib ketganini tushintirdi.
Etarli miqdorda benzin berdim. Yigit xursandligidan bir dasta pul uzatdi: kerakmas, dedim. Tezroq haydang, otaxonni shifoxonaga olib boring, dedim.
Mashinasiga oʻtirgach, ruhim ancha yengil tortdi. Xotinimning sochini silab qoʻydim: yaxshiyam sen borsan, yaxshiyam shu bugun yoʻlga chiqibmiz, yaxshiyam bizlar yetib keldik, yaxshiyam… Men juda uzoq gapirdim. Ayolim qoʻlimni mahkam ushlab oldi. Ikkimiz ham bu yoqimli tasodifning taʼsirida edik…
Toshkentga yetib keldik. Mana, Markaziy Osiyoning eng koʻrkam shaharlaridan biri. Savdo-sotiq, ilm-fan, madaniyat choʻqqisi azim Toshkent. Buyuk ipak yoʻlining yuragi, betakror Toshkent.
Har kelganimizda boradigan mehmonxonaga joylashdik…
Bir muddat dam olib boʻlgach, Toshkentning savdo markazlarini Internetdan qidirib, reja tuzdik. Tushdan keyin havo hali hovuridan tushmagan boʻlsa ham konditsionerli savdo markazlaridan xarid qildik.
Oqshom, qosh qoraya boshlaganda esa yangi ochilgan turk restoraniga bordik. Yosamin xayol qilganidek, moʻl-moʻl selfilar joʻrligida oqshom taomini yedik va yarim kechada mehmonxonaga qaytdik.
Yakshanba kuni ertalab mehmonxonadan chiqishimiz kerak edi. Chunki ish bilan bogʻliq uchrashuvlarimiz bor edi.
Nihoyat, barcha ishimiz yakuniga yetdi. Yosamin Oʻrta asrga tushib qolgandek, sopol idishlaru antiqa buyumlarga qarab hayratini yashirolmaydi. Har bir buyumga zavq bilan tikiladi, nimalardir deb uzoq gapiradi. Men ham uning quvonganidan xursandman.
Tushlikdan keyin yoʻlga tushdik. Qaydasan, Fargʻonajon, deb joʻnadik. Yosaminning quvonchi va oʻzimning ishlarim bilan boʻlib benzin quyishni unitibman. Benzin koʻrsatgichiga qarasam, ahvol chatoq: vodiyga yetib borolmaymiz. Choʻntagimni titkilab koʻrdim: tamom. Ado boʻpmiz. Bir chaqa ham qolmagan. Yosamin orqa oʻrindiqda, «yangi doʻstlari» bilan gaplashyapti. Unga bildirib boʻlmas edi. Agar aytgudek boʻlsam… bor quvonchi, tegirmonchining etigiga yopishgan unday, uchadi-ketadi. Nima qilish kerak… Nari borsa Ohangaronga yetish mumkin… Nima boʻlsa, boʻldi. Yaratganga tavakkal… Gazni bosdim… Hozirgi zamonda koʻchada qolib ketish kulgili…
Toshkentga kelayotganda kayfiyatim aʼlo edi. Zigʻirdek muammo ham koʻngilni xira qilarkan. Qani endi benzin bakim toʻla boʻlsayu ayolim bilan suhbatlashib ketsam… Yaxshiyam ayolim hozir «doʻstlari» bilan band. Agar suhbatga tortib qolsa, sezib qolishi aniq. Yoʻl chetidagi belgilar ham, daraxtlar ham kayfiyatimni koʻtarmas, hatto ravon yoʻl ham qandaydir notekisdek koʻrinardi. Nima qilsam ekan… Yoʻldagi biror yoqilgʻi quyish shahobchasiga kirib vaziyatni tushuntirsammikin… Oʻzbeklar bagʻri keng xalq, tushunar, yordam berar… ha, shunday qilaman, tushuntiraman, Fargʻonaga borishim bilan pulini taksidan joʻnatib yuboraman, deyman. Shunaqa boʻlib qoldi, yordam bering, deyman. Koʻnglim yorishdi. Agar muammo oʻnta boʻlsa, uni hal qilish uchun, albatta, oʻn bir yoʻli bor.
Ohangaronga yaqinlashganda, yoʻl yoqasidagi birinchi shahobchaga burildim…
Shahobchada bitta ham mashina yoʻq. Qaytaga yaxshi boʻldi, odam koʻp boʻlsa, iltimos qilishga uyalasan, yolgʻiz boʻlgani yaxshi, deb oʻyladim ichimda.
– Toʻldiramizmi, akajon? – degan ovozni eshitib bir muddat shashtimdan tushdim, nima deyishni bilmay garangsib qoldim. Yigit savolini yana takrorladi. Mashinadan tushib yigitga yaqinlashib muddaoni aytmoqchi edim, shu chog' operator xonasida kalonkadan ovoz yangrab qoldi:
– Bakni toʻldirib ber…
Keyin…
Osmon aylandimi, yer qalqib ketdimi, bilmayman. Bir lahza ichida ming yil yashab qoʻygandek boʻldim. Menimcha, deb oʻyladim, – yigitga iltimos qildim, yigit borib operatorga vaziyatni aytdi, shunda shunaqa ovoz yangradi. Lekin oʻttiz qulochlik joyga bunchalik tez borib kelish mumkinmas-ku…
– Aka, akajon, oʻzingizmisiz? Meni taniyapsizmi? – degan ovozdan keyingina oʻzimga keldim. Qarshimda… Ha, aynan yuzimni roʻparasida men yoʻlda benzin bergan yigit turar edi… U meni quchoqlab oldi…
– Bilasizmi, kecha otamni kasalxonaga olib bordim. Koʻrichagi yorilib ketibdi. «Bir soat kechikkaningda otangni qutqarolmasdik» – de¬yish¬di doʻxtirlar. Ming shukrki, otamni qutqarib qoldik. Shunga peshin namozidan soʻng Ollohga soʻz berdim. Bugun shahobchaga birinchi kirgan mashina bakini bepul toʻldirib beraman, deb niyat qildim. Olloh duomni qabul qildi, – deb yigʻlab yubordi… Men esa… menda til yoʻq edi…
Yoʻlda ketarkanman, bir narsani qalban his qilib, negadir yigʻlagim kelardi: Chorasizga Olloh chora topadi…
Yana, ha, yana rafiqamga yaxshiyam sen borsan, yaxshiyam, yaxshiyam… dedim…
Endi yoʻllar tekis, poyloqchi yoʻl belgilariyu daraxtlar oʻz ishlarini boshlab yuborgandilar…
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!