📖 Hikoyalar

Hikoya: Soyabonli baxt

5 daqiqa 2.5K marta oʻqildi
Hikoya: Soyabonli baxt
Avji saraton. Qoq tush vaqti. Koʻchada deyarli hech kimni topmaysiz. Hamma issiqdan qochib, oʻzini soya-salqinga urgan. Ayni shu vaqtda ishga borishim kerak. Yigirma daqiqacha piyoda yursam ishxonamga yetib olaman. Yoʻlimda baland, chiroyli binolar, yangi qurilishlar koʻp, ammo daraxt yoʻq. Qani endi shu koʻcha keta-ketguncha daraxtzor boʻlsa, deb oʻylayman…
Hamkasblarim ishga issiqda kelishimga kuyunib: «Soyabon olib yuring», deyishadi. Tavba, negadir soyabon tutishga iymanaman. Buning sababini qishloqda tugʻilganim, u yerda soyabon tutganlarga boshqacha nazar bilan qarashlarini bilganim-u, shunday muhitda ulgʻayganimdan koʻraman. Ha, endi, qishlogʻimiz daraxtzor, soya-salqin yerlar edi. Shundanmi soyabon tutadigan oliftalarni qishloqda xushlashmaydi. Aksiga olganday, yarim yoʻlga yetib qolganimda bir yigit boshimga soyabon koʻtarib keldi. Jahl bilan qaradim-u, qadamimni tezlatdim…
Xullas, ishxonaga yetib olgunimcha quyoshning yondirishi-yu dim havo bilan kurashganimdan toliqib qoldim. Kelsam bir uyum idishlar «Qachon kelarkan-u, bizni yuvib olarkan», deb menga koʻz tikib turibdi. Ertalab ishlaydigan sherigim bugun ham ertaroq ketibdi. Kichkinasi nozikroq tugʻilgan, yana tobi qochgandir bechoraning, unga ham qiyin, bir oʻzi ikki goʻdagi bilan qolgan…
Bu binoda ishchilar kechki oltigacha ishlashadi. Mijozlar ham shu vaqtgacha oshxonaga kelishadi. Uzogʻi soat sakkizda hamma idishlarni yuvib, butun oshxonani yigʻib-yigʻishtirib boʻlaman. Maoshim kunlik va har kuni uni onamga topshiraman. Ota-onam ajrashgach, onam bilan poytaxtga keldik. Kollejni shu yerda tugatdim. Oʻsha vaqtdan beri ham oʻqib, ham ishlayman. Birinchi marta universitetga imtihon topshirganimda omadsizlikmi yoki oʻzi bilimim shungagina yetadiganmi, xullas, shartnoma bilan oʻqishga qabul qilindim. Busiz ham ijarama-ijara yashab sillamiz qurigan, oʻqishim uchun pul topolmasligimiz aniq edi. Keyingi yillar oʻqishga hujjat topshirib ham koʻrmadim.
Koʻproq vaqtim ishxonada oʻtishini istayman. Bu yerda har holda erkinroq boʻlaman, nima boʻlganda ham oʻzimning ishim. Ijarada yashashdan, uyma-uy koʻchib yurishdan bezib qolganman. Kimningdir qosh-qovogʻiga qarash, birov boʻlmaganda ham onamning diydiyolarini eshitish yuragimni siqib yuboradi. Rost, qiynalib yashayapmiz. Lekin uyga ham qaytolmaymiz. Endi dadamning ikkinchi oilasi bor. Noqonuniy boʻlsa-da, onamning ham ikkinchi turmushi bor! Jin ursin barini! U odam boshqa oilasi bilan yashaydi, kunda-kunora ijara uyimizga kelib turadi, xolos. Uyga borgim kelmaganining bir uchi asli shundan.
Bir galgi ijara uyimizda salkam oʻzim tengi ikki talaba qiz bilan turdik. Oʻzi tengdosh boʻlsak ham ularning dunyoqarashi yosh bolalarnikiday, juda sodda qizlar edi. Yoki tez-tez boshqa ish, boshqa uyga koʻchish, har xil odamni, hayotning chuquri-yu tepaligini koʻrganim meni shuncha tez ulgʻaytirib qoʻydimikin?! Bir kuni qizlardan biri menga rosa havas bilan gapirdi. Roʻzgʻor ishlarida epchilligim, qiladigan ovqatimning mazali boʻlishini aytdi. Bilasizmi, hayotimda birinchi marta kimdandir maqtov eshitdim. Tuni bilan yigʻlab chiqqan edim oʻshanda.
Birinchi ishlagan joyimda lavozimi kattaroq bir kishining shaxsiy haydovchisi menga boshqacharoq qaray boshlaganini sezgandim. Koʻrinishidan, gap-soʻzidan tuzukkinaga oʻxshardi. Hayotim shu vaqtgacha qiyin va faqat sinovlardan iborat boʻlgani uchun «Qolgan umrimni baxtli oʻtkazishga haqliman», deb oʻylardim. Kelajagimni shu yigitga ishondim, keyingi hayotimni ham faqat u bilan tasavvur qila boshladim. Rost, juda yarashiqli juftlik edik. Buni atrofimizdagilarning bizga qarashidan ham sezardim. Hech qachon kimgadir butkul ishonmaganman. Men suyana oladigan tirik jon, yonimda turadigan insonim yoʻq edi oʻsha vaqtgacha. Shuning uchunmi unga juda qattiq bogʻlanib qoldim. Tuygʻularim shu qadar samimiy va begʻubor edi. Unda ham faqat shuni sezganman. Mana shu hissiyotning oʻzi ham meni baxtli qilayotgan edi. Men ham orzu qila boshladim, oʻzimni inson safida koʻrayotgan edim. Uning ham oilaviy ahvoli aytarli darajada yaxshi emas, menga koʻp-koʻp narsalarni istasa-da vaʼda qilolmasdi. Vaholanki, men uchun moddiyat ahamiyatsiz, oʻzim istagan, ertamni birga tasavvur qila oladigan inson bilan tinchgina yashashni katta narsa hisoblaganman. U bilan har gal gaplashganimda qayta-qayta kashf qilib borardim. Zehni oʻtkirligi, hayotda qiynalganligi shundoq bilinib turgan. Ayta olamanki, meni ham aynan shuning uchun, qiyinchilik koʻrganim uchun qadrlardi. Mening hayotim, baxtim uchun oʻzini masʼul hisoblashini qayta-qayta aytardi.
Oʻshanda chin maʼnoda baxtli edim. Dadamning ikkinchi oilasi, onamning turmush tarzi — hammasi ikkinchi darajali narsalarga aylangandi. Ammo taqdir menga bu baxtni koʻp koʻrdi. Shunchaki koʻp koʻrdi emas, butun borimni, orzularimni qop-qora boʻyoqqa chaplab ketdi. Boshligʻining qaysidir aybini unga yuklashdi. Kattaroq jinoyat boʻlsa kerak, oʻn yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqarildi. U esa bu isnodga chidolmadi, gʻururi, ori koʻtarolmadi buni. Meni yashashga, baxtli boʻlishga haqli ekanimga ishontirish uchun bir qogʻozda xat qoldirib ketgan, xolos.
Oʻshandan buyon «Shunaqa maʼnosiz, ertadan umidsiz, nima uchun yashayotganimni bilmaydigan umr bitilgandir peshonamga», deb oʻylab qoldim. Hech kimga va hech narsaga ishonmadim, bogʻlanmadim. Bunga ham ikki yilcha boʻlib qoldi. Yana oʻsha tez-tez koʻchish, onamning diydiyolari, qochib keta olmaydigan, tashlab ketolmaydigan hayotim. Shukrki, ovunishga arzirli shirin xotiralarim bor, eslab quvonadigan chiroyli kunlarim oʻtgan. Har kuni uni eslayman. Yozgan xatini ham.
Yana oʻsha issiq va dim havo. Nafas olging ham kelmaydi. Oʻylayman, hozir yana ishga boraman, bir xona toʻla yuvilmagan idish-tovoqlar. Mening hayotim ham shularga oʻxshaydi. Farqim kimdir yuvib, tartiblab qoʻymaydi, xolos. Yana boshimga soya tushgandek boʻldi, oʻsha soyabon koʻtargan yigit. Birinchi marta yuziga yaxshilab razm solib qaradim. Balki, hayotimni tartiblaydigan insonlar atrofimda-yu, men ularni koʻrmayotgandirman. Xatda yozilganidek baxtli hayotga haqlidirman-u, oʻzim istamayotgandirman. Hayotim, taqdirim mendan imkon berishimni kutayotgandir. Mayli, senga yana imkon beraman, hayot. Meni baxtli qilasanmi?
— Kechirasiz, bunaqa issiqda yurish yaxshi emas, sizga soyabon kerak, deb oʻyladim, — dedi qarab turishimdan xijolat boʻlib yigit.
Men yana oʻylayman: «Ha, meni nafas olish qiyin boʻlgan havolardan, bu kuydirgich oftoblardan asraydigan soyabon kerak. Mening soyabonim sizmi?» Keyin birinchi marta unga jilmayib qaradim…
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!