📖 Hikoyalar

SINOV

9 daqiqa 1.8K marta oʻqildi
SINOV
Bahrom yoshligidan aqlli bola boʻlib ulgʻaydi. U huquq sohasiga qiziqar, sud ishi bilan bogʻliq kinolarni miriqib tomosha qilardi. Maktabni aʼlo baholar bilan tugatgach, oliy oʻquv yurtiga imtihon topshirish maqsadida poytaxtga yoʻl oldi. Kirish anchagina qiyin boʻlsa ham yaxshi niyat bilan Yuridik institutiga hujjat topshirdi. Nihoyat niyatiga yetdi hisob, endi test sinovi javoblarini kutish qoldi. Koʻngli sezib turibdi: oʻqishga kiradi!
Kutilgan kun etib keldi. Bahrom shartnoma bilan oʻqishga qabul qilinganini koʻrib, oʻzida yoʻq quvonib ketdi. Mayli-da, odamlar shunga ham ilingani yoʻq…

– Ayajon, dadajon, meni tabriklang, oʻqishga kirdim!

Sharifa xola oʻgʻlini quchoqlab, peshonasidan oʻpdi:

– Tabriklayman oʻgʻlim, boshing toshdan boʻlsin.

– Barakalla, ota oʻgʻil! – oʻgʻlini quchoqlab bagʻriga bosdi Bahodir aka.

– Faqat shartnoma asosida, dada…

– Boʻlaveradi, shunisiga ham shukur. Eng asosiysi – kiribsan-ku, oʻgʻlim! Bu institutga kirish deganlari oson ish emas.

Oʻsha kuni ularning xursandchiliklari toʻyga aylanib ketdi. Otasi Bahodir aka qoʻy etaklab chiqib soʻydi. Uch-toʻrt kun davomida uylaridan odam arimadi. Har kuni Bahromning oʻrtoqlari kelib uni tabriklashar edi. Bu quvonchga ayrim doʻstlari havas, ayrimlari xasad bilan qarab chiqib ketardilar.

Shunday katta joylarga oʻqishga kiribsan, tabriklaymiz, oʻrtoq. Katta odam boʻlib ketsang, bizni unutib yuborma, ishqilib, – dedi maktab paytida yaxshi chiqisha olmaydigan sinfdoshlaridan biri soxta samimiylik bilan.

Shu tariqa bir hafta davomida goh u, goh bu oʻrtogʻi kelib Bahromni xursandchilik bilan qutlardi. Shunday boʻlsa ham uning koʻngli gʻash edi. Chunki, yoshligidan birga katta boʻlgan chin doʻsti Oʻtkirdan darak yoʻq. U tijorat ishi bilan chet elga ketgan ekan. Ikki-uch oydan keyin kelib qolarmish. Sentyabr oyi yaqinlashib, oʻquv yurtlarida darslar boshlandi. Bahrom ota-onasidan oq fotiha olib Toshkentga joʻnab ketdi. U poytaxtga kelib, yotoqxonaga joylashdi. Oʻzi bilan tengdosh bolalar bilan tanishdi. Dastlabki kunlarda uni bir oz hayajon bosdi, soʻng hammasi iziga tushib ketdi. Talabalikka oʻrganib qoldi.

Bir kuni dars tugaganidan soʻng, yotoqxonada dars qilib oʻtirsa, navbatchi kelib:

– Birinchi bosqichdagi Usmonov Bahrommisiz?

– Ha.

– Sizni soʻrab kelishdi.

Oʻtkir chet eldan qaytgach, Bahromning oʻqishga kirganligini eshitdi. Uyiga borganida koʻrisha olmagani uchun oʻzi Toshkentga kelgan edi.

– Sudya janoblari, qalaysan endi, – deya xazillashib quchoq ochdi Oʻtkir.

– Ishlaring yaxshimi, doʻstim, – kulimsirab soʻrashdi Bahrom.

– Rahmat, tuzuk.

– Yur, yaxshisi, biror holiroq joyda oʻtirib gaplashamiz, – dedi Oʻtkir Bahromning yelkasidan quchib.

Ular oliygohga yaqin boʻlgan kafeda anchagacha suhbatlashib oʻtirishdi.

– Mayli, doʻstim, sening ham vaqtingni olmay, – dedi Oʻtkir oʻrnidan turib.

– Boʻpti, Oʻtkir… Taʼtilda borganimda gaplasharmiz, – Bahrom doʻstini kuzatib qoʻydi.

… Kunlar tez oʻtib, sessiyalar boshlanib ketdi. Imtihonlar tugab, uyga ketishga ruxsat berildi. Bahrom uyga bormaslikka qaror qildi, negaki, yaqinda yana shartnoma pulini toʻlaydigan vaqt keladi. Ota-onasi buni qiynalib qolishmasin deb, uyidagilarga yordam bermoqchi boʻldi. Uyiga xat yozib, taʼtilda bora olmasligini aytdi. Bahrom biror ish topish uchun bozorga yoʻl oldi. Darvoza oldidagi avtomobil toʻxtash joyida nima qilishini bilmay toʻxtab qoldi. Shu payt qop-qora «MERCEDES»dan tushgan oʻziga bino qoʻygan yigit Bahromning oldiga keldi.

– Ukam, stoyankachimisan?

– Yoʻgʻe, aka…

– Bu oʻrtada mashina yuvadigan bolalardan yoʻqmi?

Bahrom oʻylab qoldi: «Shu mashinani oʻzim yuvib bersam-chi?!»

– Siz bozor qilib chiqavering, men ungacha yuvib qoʻyaman, – dedi shosha-pisha yigitga qarab.

– Xorosho, tozalab yuvgin, ukam, – u shunday degancha bozorga kirib ketdi. Bahrom yugurib bozorga kirib, ikki quloch doka, mochalka, sovun, poroshok va chelak bilan qaytib chiqdi. Elkasidagi sport sumkasini bir chetga qoʻyib, ishga tushib ketdi. Mashina yangidek boʻlib qoldi. Bozordan qaytgan mashinaning egasi yuklarini bagajga joylagach, mashinani aylanib, tozaligini tekshirdi.

– Yaxshi, ukam, zoʻr, – deb choʻntagidan anchagina pul olib uzatdi.

– Rahmat.

Bahrom pulni changallagancha uzoqlashayotgan mashina orqasidan qarab qoldi.

– Boʻshmisan, jiyan?

Bahrom ovoz kelgan tomonga qaradi. Yoshi kattaroq kishi unga qarab turardi.

– Bozor qilib chiqqunimcha shu «arava»ni yuvib qoʻy, – dedi u qizil «Tiko»ga ishora qilib.

– Boʻpti, amaki, – dedi Bahrom quvonib.

Shunday qilib, kechgacha anchagina mashinani «moyka»dan chiqardi. Bozor tarqagach, narsalarini yigʻishtirdi. Pullarini sanagan edi, oʻzi oʻylaganidan ham koʻproq ekan. Quvonganidan koʻzlariga yosh qalqidi. Bu uning peshona teri evaziga erishgan pullari edi.

Bahrom bir xonadondan ijaraga turish uchun joy topdi. Ertasiga tongda turib ishini davom ettirish uchun otlandi. Shu tariqa taʼtil tugab, oʻqishga boradigan kun yaqinlashdi. Bahrom ham ishini yigʻishtirib yotoqxonasiga keldi. Yana oʻqishlar boshlanib ketdi…

U kursning eng oldi talabalaridan edi. Boshqalar kabi kiyinib, katta-katta pul sovurmasa ham, bilimi, aql-zakovati tufayli hamma uni hurmat qilardi. Kunlar oʻtib, u ota-onasini juda sogʻindi. Vaqtini asosan dars tayyorlash, kitob oʻqish bilan oʻtkazardi. Koʻz ochib yumguncha yana imtihonlar boshlandi. Bahrom birinchilardan boʻlib reyting daftarchasini aʼloga yopdi. Endi uyiga ketishi mumkin edi: qishlogʻiga yoʻl oldi.

– Assalomu alaykum, ayajon, – darvozadan kira solib, onasi tomon otildi Bahrom.

– Voy boʻylaringdan aylanay, oʻgʻlim, keldingmi?! Kutaverib koʻzlarimiz toʻrt boʻldi-ku!

Oʻsha kuni Bahrom oʻqish taassurotlarini ota-onasiga gapirib berib, kunni kech qildi. Ertasiga doʻsti Oʻtkirnikiga bordi. Ular uzoq suhbatlashdilar. Kechki payt Oʻtkirnikidan chiqib, uyiga qaytdi. Qishloq choyxonasida qoʻshni mahalladagi bolalar bazm qilishayotganini koʻrdi. Ularni Bahrom negadir xushlamas edi. Shuning uchun koʻrmaganga olib oʻtib ketmoqchi boʻlgandi, ulardan biri gap qotdi:

– O‘-h-o‘-o‘, katta odamlar bizlarni tanimay qolishibdi-da?!

Bahrom choyxonaga burilishga majbur boʻldi.

– Kechirasizlar yigitlar, xayol bilan boʻlib koʻrmay qolibman, – dedi Bahrom xijolatomuz ular bilan soʻrashayotib.

– Toshkentga borib xayolparast boʻlib qoldingizmi?! Yoki biror qiz xayolingizni olib qochdimi?

Bir ozdan soʻng Bahrom ketishga chogʻlandi. Yigitlar uni qoʻyib yuborishmadi.

– Qayoqqa ketasan? Axir shundoq katta shahardan kelsang-u, biz tuzukroq mehmon qilolmasak, bu nima degani?!

Bir oz vaqt oʻtib oshni suzishdi. Yigit ular bilan birga osh edi. Albatta odatdagidek aroq ham ochishdi. Bahromga ham quyib uzatdilar. U ichmadi.

– Ol endi, oʻgʻil bola, yo bizni nazaringga ilmayapsanmi?

Bahrom ichishga majbur boʻldi. Keyin ikkinchi piyola, uchinchi… Oshdan soʻng oʻyin boshlandi.

– Senga ham qarta suzaymi? – dedi ulardan biri.

– …

– Oʻynaysanmi, erkak, – deya qistadi yana biri.

– Qoʻyinglar, qoʻrqayapti.

«Nima? Men qoʻrqyapmanmi? Oʻynash qanaqa boʻlishini hozir ularga koʻrsatib qoʻyaman», deb oʻyladi Bahrom sarxush koʻzlarini suzib:

– Oʻynayman. Suz!

Avvaliga Bahromning omadi yurishib, anchagina pul yutdi. Keyinchalik ishi chappasiga keta boshladi.

Puli tugab, egnidagi charm kostyumini ham tikdi. Uni ham yutqazgach, qarzga oʻynay boshladi. Ellik, yuz, ikki yuz, uch yuz ellik, olti yuz…

– Yigit, boʻlar endi. Hali bu yogʻini toʻlash bor, – dedi davradagilardan biri Bahromning elkasidan turtib.

– Qancha qarz boʻldim?

– Unchalik koʻp emas. Bir million xolos.

– Nima???

– Ertaga pul shu erda boʻlsin. Keyin oʻpkalab yurma.

Bahromning boshi bir narsaga qattiq urilgandek boʻldi. Kayfi tarqab, oʻziga keldi. Endi nima qiladi? Otasidan bir yillik shartnoma pulini olsa ham etmaydi-ku.

U tosh yoʻlda gandiraklab ketar ekan, qayoqqa borishini, nima qilishini bilmasdi. Shu payt orqasiga berilgan qattiq zarbdan yuztuban yiqildi. Uni mashina urib yuborgan edi. Haydovchi kabinadan tushib, Bahromning yoniga keldi.

– Bahrom?!. Bu senmisan! Qattiq lat yemadingmi?

Bu Oʻtkir edi. Uni mashinasiga oʻtirgʻizib, oʻz uyiga olib keldi. Bahrom bir oz oʻziga kelganidan soʻng doʻstiga nimalar boʻlganini aytib berdi.

– Shunaqa gaplar, doʻstim. Endi oʻqimayman, qarzimni toʻlashim kerak. Keyin Toshkentga ketaman. Bir kunim oʻtar.

Oʻtkir indamay oʻrnidan turib qoʻshni xonaga kirib ketdi va pul koʻtarib chiqdi.

– Sen siqilma, doʻstim. Mana bu bir million, borib qarzingni toʻlaymiz. Mana buni berib, kostyumingni ol… Seni bu ahvolda tashlab qoʻyolmayman-ku!

Bahrom hayron boʻlib Oʻtkirga tikildi.

– Shuncha pulni qachon qaytarishim kerak?

– Nimalar deyapsan? Doʻstligimiz hurmati, buni qarz deb oʻylama. Sen oʻqishing kerak. Yiqilgan payting suyamagan doʻst – doʻst emas.

Bahrom yigʻlab Oʻtkirni quchoqladi. U tinimsiz rahmat aytardi…

Oradan yillar oʻtdi.

* * *

– Davlatov, tushlikka chiqasizmi?

– Shoshmang, janob tergovchi, mana bu ish bir oz chalkash ekan, – dedi Bahrom Davlatov ishdan boshini koʻtarmay. – Oʻzingizning ishlaringiz qalay? Giyohvandlikning tomiriga bolta urishda charchamayapsizmi?

– Ha… Lekin meni ham bir-ikkita ish oʻylantirib qoʻygan. Bilsangiz, vodiyda Oʻtkir boyvachcha degan millioner bor edi. Yaqindan buyon qoʻl ostidagi firma, magazinlarini sotyapti ekan. U ham giyohvandlikka aralashib qolgan deyishdi. Kecha oxirgi qolgan birgina doʻkonini ham kim oshdi savdosiga qoʻyibdi. Shu boyvachchani «ilintirgan» narkobizneschilarni topishim kerak.

– Oʻtkir?!. Bahrom sapchib oʻrnidan turib ketdi.

– Nima, siz uni taniysizmi?

– Ha. Sizdan iltimos, shu ishni menga topshiring. Oʻzim shugʻullanmoqchiman.

– Yaxshi, hoziroq topshirishim mumkin.

Bahrom Davlatov tergovchilardan kerakli maʼlumotlarni olgach, shoshilinch tarzda vodiyga yoʻl oldi. U qishlogʻiga kirib borganda kech tushib qolgandi. Ota-onasi ogʻlini koʻrib quvonib ketishdi. Bahrom ulardan Oʻtkir haqida soʻradi. Aytishichlaricha, u shaharga koʻchib ketgan ekan. Bahrom erta tongdayoq ota-onasi bilan xayrlashib, shaharga yoʻl oldi. Oʻtkir boyvachchaning uyini topish uncha qiyin boʻlmadi. Did bilan qurilgan ikki qavatli uy, deraza oynalariga naqshinkor panjara tutilgan, temir darvozasi esa endi chiqayotgan quyoshning ilk nurlarida tovlanardi. Bahrom darvozaning qoʻngʻirogʻini bosdi. Eshikni boʻynilari yoʻgʻon, basavlat kishi ochdi.

– Nima deysan?

– Oʻtkirni mumkinmi?

– Qanaqa Oʻtkir? Ha, umi?! Undan uyini sotib olganman.

– Uni qayerdan topsam boʻladi?

– Bilmayman, – barzangi kishi shunday deb, boshqa savoling yoʻqmi, degandek birpas qarab turdi-da, qarsillatib eshikni yopdi. Avvaliga Bahrom nima qilishini bilmay qoldi. Keyin fikrini bir joyga jamlab, shahar Ichki ishlar boshqarmasiga bordi. U yerdan ham Oʻtkir haqida birmuncha maʼlumot oldi. Uni topishga koʻmaklashish uchun bir xodimni ham qoʻshib berishdi. Bahrom u bilan Oʻtkir boʻlishi mumkin boʻlgan xilvatgohlarga bordi, u haqida soʻrab-surishtirdilar. Nihoyat, shahar chetidagi bir xaroba kulbadan uni topishdi. U xonada gʻujanak boʻlib yotardi. Bahrom uning boshiga borib, yuziga tikildi. U avvalgi Oʻtkirga sira ham oʻxshamasdi. Yuzlari soʻlgʻin, sochlariga oq oralagan, qovoqlari qip-qizil boʻlib boʻrtib chiqqan edi. Gʻamgin va maʼnosiz koʻzlariga tikilgan Bahrom uni tanidi.

– Oʻtkir, tur oʻrningdan…

U koʻzlarini kattaroq ochib qaradi.

– Bahrom, doʻstim, senmisan? Meni ajalim etganga oʻxshaydi.

– Bu nima deganing? Hali hammasi yaxshi boʻladi!

Oʻtkir shifoxonaga yotqizildi. Doktorlarning aytishicha u giyohvand moddalarga oʻrganib qolgan ekan. Oradan bir yarim oy oʻtgach, u ancha sogʻaydi. Bu orada Bahrom doʻstining giyohvand boʻlib qolishiga sababchi boʻlgan narkobizneschilar guruhini hibsga olishga erishdi. Noqonuniy yoʻl bilan jinoyatchilar qoʻliga oʻtib ketgan firma va doʻkonlar egasiga qaytarildi. Uch oydan soʻng Oʻtkir butunlay sogʻayib chiqdi.

– Sen menga juda katta yaxshiliklar qilding, Bahrom. Qayta tugʻilib, yangidan hayot boshladim, desam ham boʻladi. Sen boʻlmasang holim ne kechardi bilmadim, doʻstim…

– Nimalar deyapsan? Biz axir doʻstmiz-ku, Oʻtkir?! «Yiqilgan payting suyamagan doʻst – doʻst emas», deb oʻzing aytganding, esingdami?..

Ular qattiq quchoqlashishdi.

Taqdir bu ikki doʻstning bir-biriga boʻlgan sadoqatini sinovdan oʻtkazgan edi…

2002. IDROK
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!