📖 Hikoyalar

Yahshilik

2 daqiqa 3.5K marta oʻqildi
Yahshilik
Shifokorlardan biri aytadi:
“Bir kuni mening qabulimga yoshi oltmishlardan oʻtgan kishi oʻzining taxminan yoshi oʻttizlarda boʻlgan oʻgʻli bilan kirdi. Yigit otasining qoʻlidan ushlab olgan, unga nihoyatda gʻamxoʻr edi. Uning uyoq-buyoqlarini tuzatib qoʻyar, unga behad eʼtiborli edi. Uning otasi bemor ekan. Ularning muammosini soʻrash va analizlarga koʻz tashlash asnosida otasining harakatlari gʻayritabiiy ekanligini sezdim. Oʻgʻli otasining aqli zaif ekanligini aytdi. Men otasiga kim qarashi haqida soʻrasam oʻgʻli “men” dedi. Men: “Nega endi biror-bir xizmatkor olmaysiz?”, deb soʻradim. Oʻgʻli dedi: “Chunki otam yosh bolaga oʻxshab qolganlar. Hech shikoyat qilmaydilar. Xizmatkor u kishiga aziyat berib qoʻyishi yoki xizmatda nuqsonga yoʻl qoʻyishi mumkinmi deb qoʻrqaman”.

Men oʻgʻilning otasiga boʻlgan eʼtiboridan hayratda qoldim. Undan uylanganmisiz, deya soʻradim. U: “Ha, farzandlarim ham bor. Xotinim otamning xizmatlarini jon-dildan bajaradi. U kishiga ovqatlarini pishirib taqdim qiladi. Ammo men xotirjam boʻlishim uchun otam bilan birga ovqatlanaman. Otamning qon bosimlari ham baland. Ustiga- ustak qand kasalliklari ham bor”.

Men u yigitdan yanada ajablandim. Koʻz yoshlarimni yashirdim. Yashirincha otaning tirnoqlariga nazar soldim. Uning tirnoqlari olingan, toza edi. Shunda ota oʻgʻliga qarab: “Qachon menga chips olib berasan?”, dedi. Oʻgʻli: “Otajon, hozir doʻkonga borib chips sotib olamiz”, dedi. Otasi bundan xursand boʻldi. Shunda oʻgʻli menga qarab: “Otam xursand boʻlsalar men ham xursand boʻlaman. U kishi mening kichik oʻgʻlimdek boʻlib qolganlar!”, dedi. Men undan: “Bemorlik vaqtingizda otangiz sizga qaraganini, siz uchun gʻam chekkanini eslay olasizmi, siz xursand boʻlganingizda xursand, xafa boʻlganingizda xafa boʻlganlari yodingizda bormi?”, deb soʻradim. Oʻgʻli: “Doktor! Otam bir bechora inson. Men oʻn yoshimdan beri u kishining xizmatlarini qilaman. Yoshligimdan beri men u kishiga qarayman, gʻamxoʻrlik qilaman!”.

Men unga kerakli muolaja roʻyxatini yozib berdim. Dorilarni tushuntirdim. Oʻgʻil otasining qoʻllaridan tutib men bilan xayrlashdi-da otasiga: “Ketdik otajon, doʻkonga!”, dedi. Ular chiqib ketishi bilan ushlab turgan koʻz yoshimni qoʻyib yubordim. Bu bola otasiga yaxshilik qiladigan haqiqiy farzand ekan. Vaholanki, otasi unga tarbiya bermagan, gʻamxoʻrlik qilmagan, kechalari oʻgʻli uchun bedor boʻlmagan, uning dardi bilan alam chekmagan, u yigʻlaganda yigʻlamagan ekan. Shunday boʻlsada oʻgʻil otasiga bunaqa xizmatlarni taqdim qilayapti. Biz sogʻlom ota-onalarimiz uchun bu yigit oʻzining aqli zaif otasiga qilgan xizmatlarini qila olayapmizmi?!
Doktor Samir Muhammad
Telegram

Izohlar 0

Hozircha izoh yoʻq. Birinchi boʻlib fikr bildiring!

Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.