📖 Hikoyalar

Ota va Qiz

2 daqiqa 11.4K marta oʻqildi
Ota va Qiz
Tobut odamlar yelkasida qoʻlma qoʻl borar, bir qizaloq nimalar boʻlayotganini tushunmay ʺAdajon, menam boramanʺ, deb ergashib yigʻlamaganni xam yigʻlatardi. Qizaloq otasini qaerga olib ketishayotganini bilganda shunday dermidi? Mayyitni qabristonga qoʻyib kelishdi xamki qizaloq yigʻidan toʻhtamadi, xar bir erkakka yopishib, adajonisini soʻrardi: ʺAdajonim qani, nimaga sizlar bilan
kelmadi? ʺAmmo xech kim unga adajoningni koʻmib keldik deya olmasdi. Yuragim toʻlib, sabrim chidamay, unga bir nimalar degim keldi. Asta borib, qizchaning qoʻlidan tutdim. U umid bilan menga tikildi. Koʻzlarining ichi qizarib, yuragi kuyib, lablari yorilib ketibdi. Bir
chekkaga boshladim. U savollariga javob beradigan odamni topib olgandek jon deb menga ergashdi. Suv ichirdim, sal oʻziga keldi. Pinjimga tikilib, ogʻir hursindi.

- Allohni bilasanmi qizim? deb barmoqlarim bilan sochlarini taradim. U menga shoshib qaradida.
- Alloh bitta, adajonim aytgan, dedi biyrongina qilib.
- Adajoning shunaqa degan boʻlsa, u solix odam ekan, dedim, eslab koʻrchi adajoning yana nima degan?
- Allohni aytganini qilish kerak...

- Ey, barakalla dedim quvonib, sen men oʻylagandan xam aqlli qiz ekansan. Adajoning toʻgʻri aytibdi. Allohning aytganini xamma qilishi kerak. Mana Alloh adajoningni oldiga chaqirdi. Adajoning Allohni aytganini qilib hoʻp deb ketdi.
- Lolani adasini nimaga chaqirmadi?

- Unaqa deb boʻlmaydida qizalogʻim, Alloh oʻzi xoxlagan odamlarini chaqirib oladi, sening adajoningni xoxlabdimi, shunga chaqirib oldi.
- Alloh adajonimmi yahshi koʻradimi?

- Boʻlmasamchi, sendek qizchasiga Allohni tanitdi-yu yomon koʻradimi?
- Alloh jannatda turadimi?
- Vox jannatniyam bilasanmi?
- Bilaman adajonim aytganlar, Allohni aytganini qilsang jannatga tushasan deganlar.
- Aytdimku, adajoning rostanam solix odam ekan.

- Adajonim qaytib keladimi?
- Ana xolos, jannatga xamma kirsam deydi, sen qaytib kelishni xoxlaysanmi?
- U yerda adajonim kasal boʻlmaydimi?
- Boʻlmaydi!
- Oyim bilan koʻrgani boramizmi?
- Alloh xoxlasa borasizlar qizim.
- Qachon boramiz?
- Alloh chaqirgandada asalim.
- Qachon chaqiradi?
- Unisini bilmadim, qachon chaqirishni Allohning oʻzi biladi.

- Lola adajonimni soʻrasa jannatga ketgan, deymi?
- Xa, xa . . . InshoAlloh shunday degin, dono qizim. Endi menga aytchi, adajonisi jannatga ketgan qizlar yigʻlaydimi, yigʻlamaydimi? U
ikkilanib bosh qimirlatdi. Yigʻlamaslikka vaʼdasini oldim. Uch kun aza ichida qizchani kuzatdim.

U yigʻlmadi...
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!