📖 Hikoyalar

Hikoya: Teskari taqdirlar kurashi

8 daqiqa 2.5K marta oʻqildi
Hikoya: Teskari taqdirlar kurashi
Kasalxona hovlisi kechagi tushgan qirovdan soʻng yanada sokin koʻrinish olgandi. Kech kuzakning olovrang toʻshanchisi yanada qalinlashgan, garchi ertalabdan quyosh borliqqa tillarang tolalarini ulashayotgan boʻlsa-da, atrofda quvnoqlikdan koʻra ogʻir sukunat saqlanib turar, borliq goʻyo vazminlik va donishmand bir ruhiyat saltanati izmida edi.

Boʻlim boshligʻining yoʻlak uzra baland va serzarda tovushi sokinlikni buzib yubordi. U bilimdon va zukkoligi bilan barchaga oʻrnak edi. Uni noyob isteʼdod egasi ham deyishadi. U bir vaqtning oʻzida ham hujjatlarni yoza olishi hamda har qanday odam bilan ixtiyoriy mavzuda gaplasha olishi haqida havasli gap bor edi hamkasblari orasida.

— Klara, men-ku, boʻlim boshligʻiman, — dedi u palatadan hovliqqancha chiqqan hamshiraga, — sen nega saharmardondan kelib olding?! Faqat navbatchi edim dema. Chunki kecha tuni bilan shu yerda edim. Hali ish boshlanishiga qirq daqiqa bor. Nima qilding u palatada?

Hamshira bir seskandi. Nima desin? Nahotki bemaʼni xayolga bordi shifokor? Ertalab ishga kelayotganda onasi nima sababdan ishga barvaqt ketayotganini soʻraganida kalovlangan, tayinli javob topa olmagani kabi boʻlim boshligʻi oldida ham xuddi shu holat yuz berdi. Boʻlim boshligʻi hamshiraga yaqin keldi. Birov qaramayotganiga ishonch hosil qilish uchun avval atrofga olazarak nigoh tashlab oldi.

— Qulogʻimga chalinganday boʻluvdi, — dedi shivirlab. — U oilali, salkam otang tengi erkak, qadamingni oʻylab bos, xoʻpmi?

Klaraning ichidan bir narsa uzilib tushganday boʻldi. Yalt etib qaradi.

— Doʻxtir, siz oʻylaganchalik emas, unday emas! — Klaraning yanoqlarini achchiq yosh kuydirdi.

Bemor bularni eshitmadi. Eshitganda koʻksidagi simillab turadigan asriy ogʻriq yodidan koʻtarilishi, bu koʻngli begʻubor, hayot sitamlarini simirib toliqqan xilqatning yonini olgan, qanday boʻlmasin, hamshirani nomiga dog' tushishdan asrardi.

Bemor hamshiraning koʻngil kechinmalaridan ozmi-koʻpmi xabardor edi. U yurak xurujidan keyin eslay olmaydi, necha bor bu yerga kelishga majbur boʻlganini, balki oʻninchidir, balki undan ham koʻpdir. Har kelganida shu hamshiraning intizor va unga qandaydir tanish yoki nimanidir eslatib turadigan koʻzlari bilan toʻqnash boʻladi u. Hamshiraning mehribonlik toʻla nigohi uning koʻksidagi dardni allaqayoqqa olib ketganday, uni doimo qiynab kelayotgan koʻngilsiz, majruh ruhiyatiga tetik sezgi berganday, oʻzida gʻoyibona kuch sezar va hayratga tushardi. Xotini tomonidan kamsitilish, notovon kimsa sifatida qarovsiz va nokerak buyum sifatida yerparchin yotgan pallalari birgina xayolot unga kuch berar, koʻz yoshi singari omonat titrab turgan muqaddas hayot shamchirogʻi elas pirpirab akslanar, istasa-istamasa bemajol va beixtiyor oʻsha badanlarini ilma-teshik qiladigan makonga, zerikarli kunlarga yana qaytishga boʻyin egar, garchi kulgili va noinsoflik boʻlsa ham oʻsha koʻngliga taskin beruvchi xilqat tomon talpinar, hamshiraning sehrli mehriga tashnalik sezar, biroq bu bilan yuragida kezib yurgan yetib boʻlmas orzusi tomon hech qachon botinib qaray olmasdi. «Boshiga urarmikin mendek bir dardisar va ellikka bormay, keksalar dunyosiga odim tashlagan bir baxtsiz kimsani?!» deya oʻylardi u. Hamshiraning «Sizga suyanib qolganman, sizning dardingizga mal-ham boʻlish uchun mayli, borimdan kechardim», degan kalomi unga tasavvur qilib boʻlmas orom va shukuhga toʻlib-toshgan dunyoni inʼom etar, yosh boladek quvonar, oʻzidan juda ham yiroqlab ketgan iqbol degan afsonaviy va taqchil ruhiyat bilan goʻyo duch boʻlardi.

Armon — yurakni ado qilish uchun yaratilgan tuygʻu. Armon — umr zavoli. Hozir erkak ayni paytda uyat va andisha bilan tashrif buyurayotgan yoqimli hamda notinch hisdan oʻzini qargʻar, uyatdan batamom oʻzligidan voz kechkisi kelardi. Ammo u ana shu tashrifni, ana shu xayoliy tarkidunyolikni kutar va intiq bir dil bilan eslashga botinardi.

Erkakning xotini kasalxonaga qilgan tashrifida:

— Sizning kasalingizning tuzalishini kutish uchun men shoʻrlikda na sabr qoldi, na vaqtu na pul, — dedi gʻoyatda shalviragancha. — Charchadim. Birdan-bir yoʻli, uyda dori-darmonsiz va shifokorlar nazoratisiz biror narsa boʻlib qolishingizdan koʻra qariyalar uyiga borishingiz eng munosib yoʻl, shunday emasmi? Men ham tuzukroq yashashim kerak. Odamlarday pul topishim kerak. Hech boʻlmasa, sizning dori-darmonlaringiz uchun ketgan pullarni qoplash uchun ham ishlashim kerak.

U nigohini eridan olmay turardi va shu on xayoliga kelgan oʻy zabonida akslandi:

— Farzandimiz boʻlmagani ikkimizning ham baxtsizligimiz, — dedi ingichka va bejirim chizilgan qoshlarini biroz koʻtarib. — Bizdaqalar hayotda koʻp uchraydi. Ammo ularning erkaklari oʻz erlik burchini bajarsa kerak. Mendagi eng yomon tolesizlik — koʻz ochib koʻrgan ayolingizning bevaqt oʻlib ketganligi boʻlgan. Boshqa biror narsa emas!

Hamshira bu gaplarni eshitib turar va titrardi. Uning vujudini qamragan holsizlik qoʻlidagi shpris va shtativni tutib turishga ham bardoshsiz edi.

Hamshira gʻamgin choʻkdi, koʻz oldida sobiq erining nigohi qayta tiklandi. Va oʻshanda uning boʻynidagi onasi toʻyi kuni sovgʻa qilgan ingichka, tilla zanjirga chang solgani namoyon boʻldi-yu, oʻsha mudhish holat xuddi hozir yuz berganday panjalari beixtiyor boʻyni tomon shoshdi. Quloqlari ostida yana oʻsha ovoz sado berdi:

— Yasan-tusan qiladigan vaqting oʻtdi, — deya qoʻrqinchli iljaydi u ogʻzidan sharobning badboʻy isi anqigancha, — endi bu matoh senga emas, menga asqatadi koʻproq. Sen hoziroq ket, tezroq ket, hademay qimorbozlar kelib, yetaklab olib ketishadi. Mening harakatlarim zoe ketdi. Yutqizib qoʻydim seni…

Hamshira oʻz xayolidan oʻzi seskanib ketdi va kaftlari bilan quloqlarini yopdi.

U hozir hayot varaqlariga sirliligicha, mavhumligicha muhr bosgan eng qadrdon va dilgir kechinmani esladi. Oʻsha kuni u erining tazyiqidan keyin ikki bolasini yetaklagancha koʻchaga chiqqan, katta yoʻl chetida hali nomaʼlum boʻlmish sinoatni kutar, hozirgina tashlab chiqqan qabohat kulbasidan yeyarga non, oxorliroq kiyim, siqimida biror chaqa olishni xayoliga keltirmadi. Uning yuragi notinch tepar, vahima va eri aytgan dahshatli manzara unga daqiqa sayin tajovuz qilichini qayrar, juvon qaerda boʻlishidan qatʼi nazar, bu qabohat uyasini tezroq tark etishdan boshqa hech narsani oʻylamasdi. Shu vaqt qandaydir mashina yonida toʻxtadi. Juvonning nogoh eti uvishdi. Dahshat yopirildi. Titragancha mashina ichiga nazar tashladi. Rulda harbiycha kiyingan qirq yoshlardagi kishi unga samimiy qarab turardi.

— Oʻtiringlar, oʻtiringlar, singlim!

Uning ovozi juvonga xuddi uzoqlardan kelganday tuyuldi. U hamon karaxt va notinch edi. Juvon peshonasidan koʻrdi. «Nima boʻlsa boʻlar. Balki, bu inoyat yaxshilikkadir?!» U shu xayol iskanjasida bolalarini yetaklagancha, shoshib mashinaga chiqdi. U oʻzini bosib olishga tirishar, biroq birozdan keyin yoki hozirning oʻzidayoq unga berilajak soʻroq va savollar uchun tamom holsiz hamda kuchsiz sezardi oʻzini. Fikriga teskari oʻlaroq, erkak ancha joygacha soʻroqqa tutmadi uni. Nihoyat, juvondan borajak manzili haqida samimiy ohangda soʻradi. Tog' qishloqlik ukasining manzilini aytdi juvon. Yoʻl olis edi. Olis yoʻlda juvon harbiyning chegarachi ekani, bugun xotinining tugʻilgan kuni, tabriklash uchun kelayotganini bildi. Juvon jimgina havas va ayri hayrat bilan tinglab borardi chegarachini.

«Yo tavba, — xayolidan oʻtkazardi juvon, — shuncha uzoqdan birgina tugʻilgan kun uchun yoʻl tortish? Xotinini shunchalik yaxshi koʻrar ekan-da? Tugʻilgan kunning oʻzi nima? Oʻtkazilishi shart boʻlgan marosimmi? Tugʻilgan kunning nima ekanini, qadrini, qimmatini tasavvur qila oladimi oʻzi? Umrida shunday kun boʻlganmi?»

Tavba, quruqqina boʻlsa ham biror insondan shunchaki tabrik eshitganini eslay olmaydi. Ota hovlida bir paytlar bor edi shunaqa gaplar. Oʻshanda ham hamma narsaga eʼtibor qaratib, hamma narsani ilgʻab yuradigan kichik singlisi shunaqa gaplarni aytar, hammani bayram yoki tugʻilgan kun bilan tabriklardi. Juvon taʼsirlanib ketdi va mutlaqo ixtiyorsizlik bilan dedi:

— Xotiningizni yaxshi koʻrasizmi?

Erkak yelka qisdi.

— Bilmadim, — dedi biroz sukutdan keyin. — Biz er-xotinmiz, — davom etdi u, — shu, shekilli. Bu mening ikkinchi turmushim. Menimcha, siz aytgan oʻsha tuygʻu oldingisi bilan jannatlarga ketib qolgan, shekilli.

Juvon gʻalati ahvolda edi. Erkak buni sezdi.

— Ana koʻrdingizmi? — u shunday deya yurak sohasiga kaftini bosdi. — Eslamoqchi emasdim, — dedi juvonga tomon xiyol yon burarkan, jilmayib. — Yurak shoʻrlik chidamaydi. Birdan sanchib qoladi.

— Doʻxtirga koʻrsatmaysizmi? — juvon tashvishlangancha dedi. — Men hamshiraman. Yurakning sanchishi yaxshi alomat emas.

— Biz chegarachilarning kasal boʻlishga haqimiz yoʻq, — erkak kulimsiradi.

— Farzandlaringiz ulgʻayishib qolgandir? — gapni chalgʻitish uchun dedi juvon.

Biroq u yana erkakning eng nozik yeriga tirnoq botirganini sezmagandi. Erkak ohista:

— Aziyatim ham shundan, — dedi ogʻir soʻlish olib. — Farzandimiz yoʻq.

Erkakning aytar soʻzi qolmaganday edi goʻyo, uni xayol shamollari olib uchar, juvon uchun ham erkakka gap qoʻshish huquqi barham topganday sassiz-sadosiz edi.

Juvonning qarshiligiga qaramay, erkak mashina rulini tog' qishlogʻi, juvon aytgan manzilga burdi.

— Mendan boshqa odam boʻlganda ham sizlarni yarim tunda koʻchada tashlab ketishga koʻzi qiymasdi, — dedi chegarachi nim kulgi bilan.

Chegarachi tugʻilgan kunga olgan sovgʻalardan bolalarga ulashdi.

Kimdir uni chaqirardi. Xayoli boʻlindi hamshiraning…

— Klara, — tanish palatadan hayqirdi boʻlim boshligʻi, — shtativni olib kel! Bemorning ahvoli yomonlashyapti! Xotiniga xabar ber, ukol kerak, olib kelsin, mana resept. Yana taxiakardiya! Zaxirada borini ishlatib boʻldik kecha oqshom. Tez, tezroq!

Hamshira koʻchaga otilib chiqdi. Quloqlari ostida boʻlim boshligʻining tashvishli xitobi kelardi hamon. Shuuri tariqdek tirqirab ketgandi uning. Har qancha urinmasin, fikrini jamlay olmas, qoʻl-oyogʻi titrar, yigʻlar va qattiq qoʻrquv, umidsizlik uning batamom madorini soʻndirib borardi. U oʻqdek otilib hamshiralar xonasiga kirdi va sumkasidan pasportini olarkan, koʻcha tomon chopdi. Hamshira pasportini garovga qoldirdi. Zarur dori-darmonlarni changallarkan, boʻlim tomon otildi.

Hamshira muolajadan keyin palataga kirganda bemorning dardchil va ayni vaqtda intiqlik sizgan nigohi hamshira tomon oʻgirildi. Uning qon qochgan lablari biroz qimtilgan, shunda ham horgʻin koʻzlari ojizgina jilmayardi. Hamshira bemorning koʻzlariga tikildi. U avvalgi kabi bu nigohdan tanish chehrani izladi. U koʻp yillar burun mashinasida uni olib ketgan erkakning koʻzlariga botinib qaray olmagandi. Biroq uning tovushlari shuncha yil oʻtsa ham hamon quloqlari ostida sirli bir ohangni chalar, qalbiga quvonch va shukrona onlarini olib kirar, ayni damda qumsash, sogʻinch va armon alangasini yoqardi.

Hamshira xayolan axtargan va sogʻingan kishi mana shu odam deya ishongisi kelardi. Endi boshqa erkak bilan uni adashtirish va ikkilanish tuygʻusi yuragiga joy boʻlmas, ayniqsa, hozirgi mehr va sirli bir sezgi tashrifi — yovuq bir sinoat rostdan ham juvon bilan sirdosh va baqamti turardi.
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!