📖 Hikoyalar

Hikoya: Yaxshilik urugʻi

9 daqiqa 2.3K marta oʻqildi
Hikoya: Yaxshilik urugʻi
— Manzura, nima qildik, moʻljalimizga yetmasa ham kechagi xaridorga «mayli» deymizmi? — dedi Rustam xotini idish-tovoqlarni yuvib, choy damlab kelganidan soʻng.
— Bilmasam, dadasi… — Manzuraning ham fikru xayoli oʻzida emasligi uning yuz-koʻzlaridan bilinib turardi. — Oʻttiz ming dollar deyishgani bilan, baribir, bir-ikki soʻm pul yoningizda ham boʻlishi kerak-da, musofir yurt, zaril boʻlib qolsa, u yoqlarda kimdan qarz soʻraysiz?
— Endi bu yogʻi Xudoga tavakkal, — dedi Rustam choynakdagi choyni qaytarishga ham hafsala qilmasdan, — vaqtni qancha choʻzsak shuncha kasalni zoʻraytirgan boʻlamiz. Shuning uchun vaqtni boy bermasdan harakatni qilaylik. Kecha kelgan koreys xotin «Balki, oʻylab koʻrarsan», deb telefon raqamini qoldirib ketgandi. Oʻsha ayolga qoʻngʻiroq qilib, «Rozimiz», deyman. Nima deding?..
Manzura erining savoliga chuqur xoʻrsinish bilan javob qaytardi. Mana shu xoʻrsinishning oʻzidayoq uning hamma tashvishu dardi mujassam edi.
— Menga qara, sen koʻp oʻylanaverma. Bilasan-ku, oʻzi sen pessimistsan, sen bilan jar u yoqda tursin, hatto mundayroq chuqurning yonigayam birga borib boʻlmaydi, undan u yogʻida hayot yoʻq, deb turib olasan, — deya hazillashgan boʻldi Rustam. Ammo bu gapi oʻziga ham yoqmadi, shekilli, jim boʻlib qoldi. Keyin chuqur uf tortdi.
— Ana, oʻzingiz ham siqilganingizdan uf tortyapsiz-ku, dadasi, menga ham oson emas, axir oʻn yil deganda Xudodan yigʻlab-yigʻlab soʻrab olgan yolgʻiz oʻgʻlimiz, bordi-yu Abdullohga bir nima boʻladigan boʻlsa, men chiday olmayman, — deya hiqillab yigʻlay boshladi Manzura.
Rustam oʻzi shundan choʻchib turgandi. Xotinini nima deb yupatishni bilmasdan biroz turdi-da, keyin ohista dedi:
— Xavotir olma, shu paytgacha Alloh soʻragan narsalarimning hammasini bergan, nasib qilsa, bu safar ham duoga ochilgan qoʻllarimizni quruq qaytarmaydi. Chunki Alloh bandalariga mehribon, birovga dard berdimi, davosini ham beradi. Faqat biz dard kelganda sabr qilib turishimiz kerak. Shunda sabrning, albatta, mukofoti boʻladi…
— Iloho, aytganingiz kelsin, dadasi, aytganingiz kelsin! Abdullohimiz operatsiyadan yaxshi chiqib, hech narsani koʻrmagandek boʻlib ketsin! — dedi Manzura yigʻlagan qoʻllarini duoga ocharkan.
Shu payt bolalar xonasidan yosh bolaning «Oyi…», degan zaif ovozi keldi-yu, Manzura shosha-pisha koʻz yoshlarini artib, oʻgʻlining yotogʻiga kirib ketdi. Rustamning choy ichkisi kelmadi. U sekin oʻrnidan turdi-da, joynamozni olib, xufton namozini oʻqidi. Ibodat qilib boʻlgach, Qurʼoni karimni avaylab qoʻliga olib, avval muqaddas kitobni oʻpdi, soʻng qiroat bilan oʻqiy boshladi. Sanoqli soniyalar ichida u butun borligʻi bilan ilohiy soʻzlar ohangiga qoʻshilib ketdi…
— Dadasi, saharlik vaqti boʻlib qoldi, — dedi bir mahal Manzura zalning eshigidan qarab ichkariga kirmasdan. — Men Abdullohning yonida uxlab qolibman, siz boʻlsa bugun ham kechasi bilan kitob oʻqib chiqqanga oʻxshaysiz. Bunaqada oʻzingizni oldirib qoʻyasiz, oʻzi shundogʻam sal narsaga qon bosimingiz oshadigan boʻlib qolgan.
Tuni bilan mijja qoqmaganiga qaramasdan Rustamning dili ravshan, koʻngli xotirjam edi. U xotiniga tikildi:
— Abdulloh qanday?
— Yaxshi, dadasi, yaxshi, faqat uyni sotishimizni eshitib «Meni deb uyni sotyapsizlar-a?» deydi koʻzi yoshga toʻlib. «Bitta uy sendan aylansin, sen sogʻayib ketsang boʻldi, dadang ikkimiz ishlab bundan ham kattaroq uy olamiz», dedim. Shunday desam kulimsirab, «Oyi, bundan katta uy olmasak ham, menga bitta ukachami, singilchami, olib kelinglar, maylimi, bitta oʻzim uyda zerikib ketyapman», deydi, — dedi Manzura jilmayib.
Xotinining jilmayganini koʻrgan Rustamning ichiga nur kirgandek boʻldi. U ham kulimsiradi:
— Bu buyurtmani bajarishga bugun kech boʻldi-yov. Yo hali ham ulguramizmi?
— Jinnisiz, — dedi Manzura hali ham shirin jilmayarkan erining nimaga shama qilayotganini anglab, — men u maʼnoda aytmadim, men Abdullohning gapini…
— Umuman olganda, oʻgʻling toʻgʻri gapni aytibdi. Roʻza kunlarida, duolar, niyatlar ijobat boʻladigan oyda turibmiz, zora, Alloh niyatlarimizga erishtirsa, — dedi Rustam darrov jiddiy tortib. — Shu paytgacha qoʻlimdan kelsa, birovga yaxshilik qildim, yaxshilik qilish qoʻlimdan kelmasa, yomonlik ham qilmadim. Yaratgan Egam hammasini koʻrib-bilib turibdi. Shunday ekan, noumid boʻlmaylik, buyam bir sinov, Manzura…
Rustam turli soʻzlar bilan xotinining koʻnglini koʻtarib, unga madad boʻlar ekan, aslida, shu aytganlari oʻziga ham qanot boʻlayotgandi. Aks holda qirq yoshida koʻrgan oʻgʻlining toʻshakka mixlanib qolishini koʻrish, dilbandining iztiroblariga sherik boʻlish va eng yomoni, yakkayu yolgʻiz farzandiga biror-bir yordam berolmayotganidan oʻksinish uni ham ayolidan kam ezmayotgandi.
* * *
— Rustam aka, sizni bir yigit ikki-uch marta telefon qilib soʻradi. «Yigʻilishga ketgan, qachon kelishini bilmayman», desam, «Kelganidan soʻng Gʻayrat degan kursdoshingiz telefon qildi, deb ayting», deb mana bu raqamni qoldirdi, — dedi kotiba qiz Madina Rustamning oldiga qogʻozchaga yozilgan telefon raqamini qoʻyarkan. — «Juda zaril ishim bor, shuni bugun hal qilib ketishim kerak, iltimos, Rustam akangizni topishimga yordam bering yoki uy manzilini bering», degandi, toʻgʻrisi, «Oʻzlaridan beruxsat berolmayman», deb qoʻya qoldim.
Tinmay gapirayotgan Madinaga qarab Rustam biroz kulimsiradi:
— Juda yaxshi qilibsiz, endi u bechora kursdoshim hamma meni taniydiganlarga «Rustam aka kattarib, hech kimni tanimaydigan boʻlib ketibdi. Hatto ishxonasiga borib telefon raqami yoki uyini ham soʻrab ololmaysan», deb aytib chiqadi.
— Men, men… — dovdiradi Madina, — sizdan soʻramasdan…
— Mayli, bu muammo emas, muhimi, telefon raqamini qoldiribdi-ku! Hozir bogʻlanib koʻramiz, agar hali Toshkentda boʻlsa, u holda bir qoshiq qonimizdan keching, deymiz, — dedi Rustam kotiba qizga oʻng qoʻli bilan «Ketavering», degandek imo qilarkan.
Oʻzi Rustamning kursdoshi Gʻayrat bilan oxirgi marta qachon uchrashgani ham yodida yoʻq. Yodida qolgani Gʻayrat bundan oʻn ikki yilcha burun bitta buyragini oldirgani poytaxtga kelgani. Oʻshanda u ham besh yil birga oʻqigani hurmati ham Gʻayrat ochiq koʻngil, dilida kiri yoʻq, mard yigit boʻlgani bois shifoxonaga koʻrgani borgandi. Shundan keyin ham bir-ikki marta qoʻngʻiroq qilib, hol-ahvol soʻrab yurdi. Keyin nima sababdandir aloqalari uzilib qoldi. Mana, endi Gʻayratning oʻzi tashabbus koʻrsatib, yoʻqlab kelibdi. Rustam qoʻlidagi qogʻozchaga qarab raqam terdi. Gʻayrat qoʻngʻiroqni kutayotgan ekan, shekilli, darrov javob berdi:
— Assalomu alaykum!
— Va alaykum assalom, Gʻayratbek, men Rustamman, kursdoshingiz!
— E-e, akaginam, bormisiz, omonmisiz?! Sog'-salomat yuribsizmi?
— Rahmat, rahmat, oʻzingizdan soʻrasak, tinchmisiz? Uydagilar, kelin, bola-chaqa?.. — Rustamning gapi chala qoldi.
— Aka, ishxonangizni ayting, men hozir «gʻir» etib aytgan joyingizga boraman! — dedi Gʻayrat.
— Unda bunday qilamiz, siz shoshilmasdan Navoiy koʻchasini moʻljalga olib kelavering, men soat oltida ishdan chiqaman.
— Boʻldi, aka, boʻldi! Adresni ayting! — hovliqdi Gʻayrat.
— Oltidan oʻn beshta oʻtganda Oʻrdada boʻling, telefonlashib topib olamiz.
— Kelishdik…
Aytilgan vaqtga Oʻrdaga borgan Rustamni Gʻayratning oʻzi kutib oldi. Ikki kursdosh quchoq ochib koʻrishib, hol-ahvol soʻrashishdi.
— Oʻzgarmabsiz, aka, oʻzgarmabsiz, koʻz tegmasin, — dedi Gʻayrat Rustamni sal narida turgan qop-qora «Malibu» tomonga boshlarkan. — Yosh yigitlardek yurishning sirini bizga ham ayting. Shuncha harakat qilaman, baribir, qorin kundan-kunga osilib ketyapti.
— Ha, endi, oshqozon degani ichiga ovqat tushsa, kattarib ketaveradigan narsa boʻlganidan keyin shunaqa boʻladi-da! — hazillashdi Rustam.
Uning bu gapiga Gʻayrat maza qilib kuldi. Keyin:
— Hozir ham birinchi oʻrinda oshqozonga biron nima solish tashvishini qilsak, yaxshi boʻlardi, ertalab Jizzaxda yegan toʻrtta somsam bilan yuribman, — dedi kulgidan oʻzini toʻxtatolmay.
— Boʻldi, faqat hali iftorlikkacha vaqt bor, shunga biror salqinroq joyga boraylik-da, gaplashib oʻtiraylik. Yo uyga bora qolamizmi? — dedi Rustam ham uning soddalik bilan aytgan gaplariga kularkan.
— Uyingizga boshqa safar boramiz, aka. Xudo xohlasa, keliningiz bilan bolalarni olib kelish niyat bor. Shu bahonada kichkinalarni ham bi-ir aylantirib ketamiz.
* * *
— Endi gap bunday, Rustam aka, — deya gap boshladi Gʻayrat ovqatlanib boʻlib, biroz u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirishgach. — Sizning xarakteringizni bilaman, bu dovdir nega shuncha yil bedarak yoʻq boʻlib ketdi-yu, nega yana meni izlab keldi, deb oʻylayotgan boʻlishingiz mumkin.
— Yoʻg'-e, nega unday deb oʻylayman? — xijolat boʻldi Rustam.
— Rustam aka, esingizda boʻlsa, buyragimning bittasini oldirib, chalajon boʻlib yotgan paytlarimda mening holimdan xabar olgani borgandingiz? — dedi Gʻayrat tagdor qilib soʻzlarkan suhbatdoshining koʻziga tikilib.
— Xoʻsh? — dedi uning muddaosini anglamagan Rustam.
— Oʻshanda mening qoʻlimga anchagina pul berib, «Dori-poringga ishlatarsan», degandingiz. Esingizga tushdimi?
— E-e, Gʻayrat, bunaqa gap boʻlganini ham, sizga pul berganimni ham eslay olmayman, — dedi Rustam xijolatdan yuzi qizarib.
— Siz eslamasangiz, mana, men eslayman! Siz oʻshanda menga eng yaqin odamim ham qilmagan yaxshilikni qilib, sariq chaqam ham yoʻq paytida bir dunyo pul bergansiz. Kamiga «Iloji boʻlsa, ichkilik bilan sigaretni tashla, boʻlmasa jigaringdan ham ayrilasan. Xudo koʻrsatmasin, sogʻligʻingdan ajralib, boshing yostiqqa tekkudek boʻlib qolsang, hech kimga, hatto aka-ukang, bola-chaqangga ham kerak boʻlmaysan», degandingiz. Shu gaplaringiz va oʻshanda bergan pulingiz sabab men mana shunday boʻlib yuribman. Hozir katta fermerman, aka, besh yuz gektarlab joyda bog' qilib, bu yogʻi Xitoy, Qozogʻiston, Rossiyaga deysizmi, odamiga qarab meva-cheva, mayiz, yongʻoq, turshak joʻnatib yotibmiz.
— Alloh barakasini bersin!
— Aytganingizdek, Xudo barakasini beryapti, aka, ishqilib, bundan keyin ham shunday boʻlsin! — dedi toʻlqinlanib ketgan Gʻayrat. — Faqat bitta ishni niyat qilib qoʻyib, anchadan beri amalga oshirolmay yurgandim, bugun ataylab shuning uchun Toshkentga keldim.
— Nima qilish kerak, Gʻayrat, bankdan kattaroq kredit olish kerakmi? — soʻradi Rustam.
— E-e, aka, mening hozir shunaqa avj paytimki, banklarning oʻzi menga kredit taklif qilib, biz bilan ishlang, deyapti…
— Unda nima muammo bor, tushunmadim?
— Rustam aka, sogʻligʻimni tiklab olganimdan keyin oʻsha menga bergan pulingizni toʻplab oldingizga kelmoqchi boʻldim. Lekin nimadir boʻlib, oʻsha pulning hammasiga uzum koʻchat sotib oldim. Oʻziyam besh mingta nihol berdi. Hozir oʻsha uzum koʻchatlarim tonna-tonna hosil beryapti. Bugun bozorda mening mayizimning oldiga tushadigan mayiz yoʻq. Oʻziyam aytgan pulimga sotaman. Aytsam ishonmaysiz, oʻtgan yili uzum shunchalik zoʻr boʻldiki, qaerga qoʻyishni bilmay qoldik. Xullas, oʻsha sizning pulingizga ekilgan koʻchatlardan ulushingizni olib keldim. Shaharchasiga nima deyishardi, dolyamidi? — deya koʻzlari porlab kuldi Gʻayrat.
— E-e, sizlar tomonning mayizi boshqacha boʻladi-da, — kuldi Rustam ham. — Mabodo oʻsha uzum koʻchatlarga qoʻshib besh-oʻnta yongʻoq ham ekmaganmidingiz? Mayiz bilan yongʻoq rosa bir-biri bilan kelishadi-da, ayniqsa, ertalabki nonushta paytida.
— Yongʻoq ham ekkanmiz, pistayu bodom ham, — yana kuldi Gʻayrat. — Yana alohida Rustam akaga deb bir chekkadan joy ajratib sizgayam bog' qilib qoʻyganman. Hali biznikiga borganda koʻrasiz. Lekin men xomkalla bitta ishni chala qilib kelibman. Bilasiz-ku, oʻsha-oʻsha hovliqmaligim qolmagan.
— Yana nima boʻldi? — hayron boʻldi Rustam.
— Ey, buning hozirgi gaplarga aloqasi yoʻq. Qani, duo qiling, aka, mashinaga boraylik, qolgan gapni oʻsha yerda gaplashamiz, — dedi Gʻayrat.
Emakxonadan chiqib, mashinaning yoniga borishdi. Gʻayrat chaqqonlik bilan mashina yukxonasini ochib, kattagina qora sumkani qoʻliga olib, uni Rustamga tutqazdi:
— Mana shu sizga!
Rustam sumkaning zalvorini his qilib miyigʻida jilmaydi:
— Gʻayratboy, bu deyman, mayiz opkeldim, deb adashib tosh-posh solib kelmadingizmi?
— Boʻlishi mumkin, aka, boʻlishi mumkin! — deya samimiy kuldi Gʻayrat. — Lekin ichida nimasi boʻlsayam shuncha joydan koʻtarib keldik, siz ham ogʻrinmay olib ketasiz.
Rustam sumkani ochdiyu, turgan joyida qotib qoldi. Sumka hali bank taxlamlari ham buzilmagan yuz mingtalik pullarga toʻla edi.
— Nima, meni sinayapsizmi? — dedi u ovozi qaltirab.
— Aka, sizni studentchilik chogʻida ming marta sinab boʻlganmiz. Bir soʻm pulingiz yoki yarimta noningiz boʻlsa, butun yotoqxonadagilar bilan boʻlishardingiz. Bu pullar sizning bogʻdagi ulushingiz. Hammasi ona sutidek halol, peshona teriga kelgan, nima keragingiz boʻlsa bexijolat ishlatavering, chunki bu pullar oʻzingizniki, faqat oʻsha menga bergan pulingizga rozi boʻlsangiz bas! — dedi Gʻayrat shoshilib soʻzlarkan.
Kutilmagan joydan kelgan pullardan Rustamning boshi qizib qulogʻi gʻuvillarkan, toʻshakka mixlanib yotgan dilbandi, uni chet elga olib borib operatsiya qildirish uchun yashab turgan uyini sotuvga qoʻygani yodiga tushib negadir mijjalariga yosh keldi. Keyin rahmatli onasining soʻzlarini esladi: «Alloh chevar, bolam, U hammasini toʻgʻrilab qoʻyadi».
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!