📖 Hikoyalar

Oppoqqina qushginam (hikoya)

5 daqiqa 3.8K marta oʻqildi
Oppoqqina qushginam (hikoya)
Yolgʻiz qushni, irim qilib, otmas merganlar…
Xalq dostonidan.

Mustafo sevib uylandi. Harbiy xizmatdan yelkalari toʻlishib, muskullari shishib qayroqdek yigit boʻlib qaytdiyu qishloqqizlarini birma-bir nazardan oʻtkaza boshladi. Uning lochin koʻzlari shu yil oʻninchini tugatgan Gulyuzda toʻxtadi.

Gulyuz suluv qiz. Oʻrtaboʻy. Toʻlishgan yuzlari Samarqandning shirmoy nonidek. Hiloliy baxmal qoshlar ostidagi bir juft choʻg‘ yuraklarni oʻrtaydi. Uzun-uzun quyuq kipriklari nozik qayrilib, gul qaboqlarga tigʻoʻqtaladi…

Xullas, Mustafo oshiq boʻldi, Gulyuz maʼshuqa. Erta bahorda boshlangan ishqiy doston muqaddimasi Mustafoning necha-necha bedor kechalari evaziga, maktab yoshiga yetmagan singilcha tinmay tashigan ishqiy maktublar va nihoyat amma-xolaning yordami bilan kech kuzga borib yakun topdi. Toʻy boʻldi. Gulyuz toʻydan keyin yana-da ochilib ketdi.

Mustafo kunda-kunora bir yigʻilib, gap-gashtak qiladigan yoru joʻralarini ham unutib, ertayu kech kelinning atrofida girgitton. Tiramohning uzun-uzun tunlari ham nechundir bu yil yoz tunlariday qisqa.
Kelin-kuyov kelajak kunlar rejasini tuza-tuza xoʻroz qichqirganini bilmay qolishadi. Tong otadi. Gulyuz “Meni yana uyqudan qoldirdingiz-a” deganday nozli va arazli nigoh tashlab tashqariga chiqadi. Qaynona-qaynotaga tahorat suvi berib, supur-sidir bilan mushgʻul boʻladi.
Bu sokin hayot bir hafta davom etdi. Bir kuni “nonushtani tushda” qilib endi choshgohlik uyquga ketayotgandi, koʻcha eshik taqillab Karim fermer kirib keldi.

— E-e, bu uylandim deb uyda tuxum bosib yotaverarkan-da odam degan? Yaxshimisan? Sogʻliging durustmi? Dimogʻing chogʻmi? — shunday deya negadir moʻylabini uchirib, boshini sarak-sarak qilib kulib qoʻydi fermer.
— Yaxshi, rahmat, oʻzingiz tuzukmisiz? Yuqoridan oʻting, — xushlamaygina taklif qildi Mustafo.
— Oʻtirishga vaqtim yoʻq, — osongina rad qildi fermer ham. — Men bir ishminam keldim. Shu-u… dalada, enangni yegur, bir qush paydo boʻlgan. Bugʻdoydi yeb ketyapti, bu yil anchagina joyga bugʻdoy ekuvdik, shu ikki quloq, uch quloqqina boʻp chiquvdi. Haligi qush shuni ildizginasiminam shundoq choʻqib, yoʻqqilib ketyapti. Bunaqa qushdi, men odam boʻlib koʻrmagan edim. Xudoni yuborgan balosimi, bilmadim, dalani ship-shiydon qilib ketyapti-ye. Endi sendan iltimos, uka, shuni otib berasan. Sendan boshqa merganimiz yoʻq, bilasan.
— Boʻpti, — dedi Mustafo osongina qutulganiga quvonib, — bir qushakan-ku, oʻzi bittami? Bugun nest qilamiz, aka.
— Rahmat-ye, shuni yoʻqotib ber, oʻzi bitta-yu naq yuho-da. Yana uch kun tursa bir kiloyam bugʻdoy ololmayman. Baraka top, uka, baraka top, men ketdim.

Mustafo kechga yaqin yelkasiga qoʻshotarini osib, dalaga chiqdi. Kuz boʻlishiga qaramay, havo iliq. Yalangʻoch tutzorlar qurshagan dala qoʻngʻirtob yashillangan. Bugʻdoy avj qilgan joylar yam-yashil. Osmon tiniq, tip-tiniq. U yer-bu yerda palagʻda bulut parchalari yengil suzadi. Oqshomgi yomgʻirdan hosil boʻlgan koʻlmaklar suvi oynaday yorug‘. Unda-bunda tikkaygan quruq choʻplar va siyrakkina tut xazonlarini demasa, tabiat bahoriy libosda tovlanib, kishini sarxush qiladi. Oʻngʻayroq doʻnglik topib, Mustafo choponini toʻshadi va yonboshlagancha xayolga choʻmdi. Albatta, kelinchagi haqida…

Gʻijjakning nolishiday hazin tovushdan oʻziga keldi. Qarasa dalaning qoqoʻrtasida ajabtovur bir qush. Yirik. Oyoqlari, boʻyni, tumshugʻi uzun, boshi kichkina, butun vujudi oppoq. Bir qushki, qarab koʻz toʻymaydi. Biroz tomosha qildi. Keyin fermerning nolishlari esiga tushib, miltigʻini oldi. Toʻgʻrilab moʻljal ola boshladi. Qush mutlaqo bexabar, yerga bir-ikki tumshuq urdi. Boshini koʻtarib u yon-bu yon qaradi. Yana shoshib, yerga egildi, koʻm-koʻk barra bugʻdoy maysasini yutoqib yuta boshladi. Mustafo tepkini qaytardi. Yaxshilab moʻljal oldi. Tepkini paypaslab, endi bosmoqchi edi. Qush boshini koʻtardi, avval u tomonga, keyin teskari tomonga hayron boʻlgandek tez bir qarab oldi. Soʻng boshini yuqori koʻtarib chunonam sayrab yubordiki beixtiyor Mustafoning qoʻli pastga tushdi. Otolmadi. Qushning ovozi biram chiroyli, biram shirali edi-ki, u aslo bunday yoqimli navoni eshitmagandi. Qush uzoq sayramadi. Goʻyo “Otib boʻpsan!” degandek u yon-bu yon magʻrur qarab qoʻyib, yana oʻz “ishi” bilan mashgʻul boʻldi. Mustafo bir oz kutib, yana moʻljal oldi. Qush yana sayradi. Yana qoʻli tepkiga bormadi. Qush yana yutoqib maysa yuta boshladi… Yana moʻljal… Yana kuy…
Oxir bor-ye, dedi-yu, etak silkib uyiga ketdi. «Bitta qush yegan bilan don kamib qolibdimi? Karim akayam qiziq odam». Mustafo oʻz-oʻzidan jigʻibiyroni chiqib, soʻkinib uyga qaytdi.

— Otolmadim! — dedi Gulyuzga yolgʻiz qolishgach, — biram chiroyli qush ekanki, asti qoʻyaver. Buning ustiga ovozini aytmaysanmi. Naqgʻijjak navosiday. Moʻljalga oldim. Bir-ki nola qildi, bir-ki nola qildi. Qoʻlim bormadi.
— Toʻgʻri qilibsiz, — erini gapini maʼqulladi Gulyuz.
— Oʻzi nega sizga aytishadi? Ularning donini yesa, oʻzlari otishavermaydimi? Sizga nima?
Ertasiga fermer yana keldi. Mustafoning gapini eshitib hayron boʻldi.
«Bu yurakminam chegarada qanday xizmat qilding», deb hazillashgan boʻldi. Yalindi-yolvordi. Bechora qushni rosa yomonladi. Oxiri koʻndirdi. Kechga yaqin, Mustafo borib bir oʻq bilan qushni otib keldi. Kayfiyati yomon buzildi. Kechki ovqatniyam yemadi. Kirib miltigʻini devorga ildiyu joyiga choʻzildi. Gulyuz keldi. U yoqdan-bu yoqdan gapirib, kuldirib, nozlanib koʻnglini yozdi. «Sizni botir mergan deyishuvdi-ku? Birgina qushga shunchami?» deb hazillashdi. Ikkovlashib shiringina kulishdi. Ertalab, Mustafo tuman bozoriga otlandi. «Gulyuz yur, seniyam olib boray, aylanib kelasan», dedi. U ham bormoqchi boʻldi. Biroq aksiga olib, bugun havo sovuqroq ekan. Bormay qoʻya qoldi. Mustafo bozorga ketdi.

…Kechki avtobusdan uylari oldiga tushgan Mustafo hayron qoldi. Darvozalari oldida gʻij-gʻij odam. Ichkarida yigʻi-sigʻi, dod-faryod. ”Buvimmikan?“ koʻnglidan oʻtgan birinchi fikr shu boʻldi. Odamlarni yorib oʻtib, ichkari kirdi. Qaynonasi faryod solib kelib, boʻynidan quchdi.
— Bolam! Guliynan ayrilib qoldik!
Xona oʻrtasida qonga belanib bir murda yotardi. Ustiga yopilgan choyshab qip-qizil qon yuqi.
— Vidolash bolam, baxtingminam, — deb qaynona buvisi choyshab chetini koʻtardi.
Ne koʻz bilan koʻrsinki, uning Gulyuzi!.. Yuzining bir cheti majaqlangan. Qip-qizil qon. Ikkinchi tomoni esa, oppoq. Sovuq va ifodasiz. Koʻz oldi qorongʻilashib, quloqlari shangʻillay boshladi. Soʻng hamma narsa ayqash-uyqash boʻlib qorishdi va chirpirak boʻlib aylana boshladi. Yuragi «shuv» etib, hech narsani eshitmay, koʻrmay, his qilmay qoldi.
Oʻziga kelganda boshida onasi yolgʻiz yigʻlab oʻtirar. Odamlar tarqalishgan, oʻzlari qolishgandi. Narigi xonada ayollarning hiqqillagani, erkaklarning bosiq taskin beruvchi ovozlari gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir quloqqa chalinardi.
— Gulyuzga nima boʻldi? — uning birinchi gapi shu boʻldi. Onasi bolamlab-boʻtamlab, avval unga taskin berib, soʻng boʻlgan voqeani bayon qildi.

Mustafo bozorga ketgach, qaynisi Sattor opasini koʻrgani keladi. Opasi bilan gaplashib oʻtirib, devordagi miltiqqa koʻzi tushib qoladi. Bolalarcha qiziqqonlik bilan qoʻliga olib, opasiga toʻgʻrilaydi va hazillashib «Seni otaman» — deydi. Opasi «Qoʻy, oʻqtalma, qurol qonsiraydi», desa ham koʻnmaydi. Tepkini qayirib «chiq» etkazib, qoʻrqitmoqchi boʻladi.
Biroq… miltiqoʻqlangandi. Mustafo undagi ikkinchi oʻqni chiqarib qoʻyishni unutgan edi…Oʻq dunyodan bexabar quvnoq Gulyuzning oʻng chakkasiga tegadi… Oqqushning ham oʻng chekkasiga tekkandi. Oqqush ham hech narsadan bexabar, shoʻx boqib turgan edi dunyoga…
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!